Qoʻqon shahrida “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali boʻlib oʻtmoqda

14:35 13 Iyul 2023 Jamiyat
364 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Unda mamlakatimizning barcha hududlari, shuningdek, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga aʼzo davlatlardan tashrif buyurgan 200 nafardan ziyod faol yoshlar va talabalar ishtirok etmoqda.

Festivalning ochilish tadbirida Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov turkiy tilli yoshlarni oʻzbek diyoridagi uchrashuv bilan samimiy muborakbod etib, ularni yoshlik va goʻzallik tantanasida faol boʻlishga undadi.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2022-yil 29-iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida ushbu festivalni Fargʻona viloyatida oʻtkazish belgilangan boʻlib, unga binoan anjuman koʻngilochar oʻyinlar va yoshlarning oʻzaro jonli muloqotlari asosida davom etmoqda.

— Festival davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida belgilangan keng qamrovli madaniy-maʼrifiy tadbirlar dasturi doirasida tashkil etilmoqda, — deydi X. Ahmedov. — Undan koʻzlangan asosiy maqsad kelajagimiz vorislarini xalqlarimiz tarixi va milliy-madaniy merosiga mehrini oshirish, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir.

Shu yilning 15-iyul kuniga qadar davom etadigan festival davomida kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari boʻyicha sport musobaqalari, madaniy-koʻngilochar tadbirlar, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha davra suhbatlari, taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Festival kunlari davomida “Doʻstlik” kechasi boʻlib oʻtadi. Qoʻqon shahrida tarixiy-madaniy obidalar boʻylab sayohat hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etiladi.

Shuningdek, Rishtondagi Xalqaro kulolchilik markazi hamda Uchkoʻprik tumanidagi “Mehrigiyo” kichik korxonasi lavanda bogʻlariga sayru sayohatlar tashkil etiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер