Qonunni bilmaslik masʼuliyatdan soqit qilmaydi

18:16 08 Fevral 2023 Jamiyat
914 0

Foto: Xalq so‘zi

“Hamma odamlar oʻz qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng boʻlib tugʻiladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin, bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda boʻlishlari kerak”, deyiladi joriy yilda 75 yilligi nishonlanadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida. 1948-yili BMT rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan ushbu deklaratsiya mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan soʻng qoʻshilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi. Aytish oʻrinliki, deklaratsiyaning barcha qoidalari mamlakatimiz Konstitutsiyasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini taʼminlaydigan milliy qonunchilik meʼyorlarida oʻz ifodasini topdi. Barcha sohada olib borilayotgan islohotlar zamirida ham, avvalo, inson huquqlari ustuvorligini kafolatlashdek ezgu maqsad mujassamdir.

Jumladan, soʻnggi yillarda sud-huquq tizimini liberallashtirish jarayonining izchil amalga oshirilishi inson huquqlariga rioya etilishining muhim kafolatiga aylanib, jinoyatlarning tasniflanishi toʻla oʻzgartirildi. Ogʻir jinoyatlar toifasiga kiruvchi jinoiy xatti-harakatlar roʻyxati sezilarli darajada qisqartirildi.

Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va joylardagi vakillari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ular mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning izchil va qatʼiy bajarilishini doimiy ravishda nazorat qilib, tashkiliy-huquqiy, qonunchilikka oid chora-tadbirlar ijrosini taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatishmoqda.

Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan jazoni ijro etish muassasalari sohaviy xizmat xodimlari uchun tashkil etilgan oʻquv-seminar bunga misoldir.

— Prezidentimizning 2018-yil 23-avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur tadbir tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy bilimlari, kasbiy tayyorgarligi, oʻquv va amaliy koʻnikmalarini oshirishga, davlat va jamiyat qurilishi sohasini yanada demokratlashtirish jarayonlari toʻgʻrisida aniq tasavvurga ega boʻlishi, qabul qilinayotgan yangi qonunlar va amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan oxirgi oʻzgartirish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyatini chuqur anglashiga xizmat qiladi, — deydi Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Sh. Djoʻrayev.

Seminarda Vakil faoliyatining huquqiy asoslari, prinsiplari, murojaatlarni koʻrib chiqishi, shikoyatlarni oʻrganish chogʻidagi huquqlari, ushlab turilgan va qamoqqa olingan, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning Ombudsmanga murojaat etish tartibi, mahkumlar bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazishda yaratilishi lozim boʻlgan shart-sharoitlar, shuningdek, qiynoqqa solish va shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha asosli tushunchalar berildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер