Qonunlarni mensimagan maktab direktori bir marta qilgan xatosi uchun ikki marotaba jazolandi
Foto: Arxiv surat
Mavjuda Mamajonova 2020-yildan buyon Asaka tumanidagi 24-umumtaʼlim maktabida kadrlar boʻyicha menejer lavozimida faoliyat yuritib keladi. Biroq joriy yilning avgust oyida maktab maʼmuriyati bilan vujudga kelgan kelishmovchilik oqibatida direktor tomonidan hech qanday asossiz ishdan boʻshatiladi. Natijada u Asaka tumani adliya boʻlimiga kelib, ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi asossiz ravishda bekor qilinganini bildirib, ushbu masalada amaliy yordam soʻradi.
Oʻrganish davomida maktab direktori u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining 105- (Muddatli mehnat shartnomasini muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish) va 234-moddasi (Bola ikki va uch yoshga toʻlgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan taʼtillar)ning 5-qismiga asosan bekor qilgani aniqlandi. Vaholanki, M. Mamajonova bilan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan boʻlgan. Bundan tashqari xodimni ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi buyruq loyihasi xulosa olish uchun tuman adliya boʻlimining yuridik xizmat koʻrsatish markaziga “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali yuborilmagan. Natijada markazning xulosasisiz buyruq qabul qilingan.
Qonunchilikka koʻra yuridik xizmat koʻrsatish markazi bilan kelishilmagan holda yuridik tusdagi hujjatlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligi va bunday hujjatlar qonuniy kuchga ega emasligi hamda ular qabul qilingan paytdan eʼtiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi belgilab qoʻyilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, maktab direktori tomonidan bir qator qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Ularni bartaraf etish boʻyicha maktab maʼmuriyatiga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritilgan. Ammo maktab direktori tomonidan mazkur taqdimnoma ijrosi taʼminlanmagan. Oqibatda direktor X.S.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1984-moddasi (Adliya organlarining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarini bajarmaslik) bilan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, ish hujjatlari jinoyat ishlari boʻyicha Asaka tuman sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan direktor X.S. yuqoridagi moddaga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, ushbu mansabdor shaxsning harakatlarida MJtKning 49-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli jazo tayinlash boʻyicha Asaka tumani aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga taklif kiritildi. Natijada mazkur markaz tomonidan ham X.S.ga nisbatan BHMning 5 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Fuqaro M.Mamajonova esa oʻz ishiga tiklandi.
Ilhomjon AHMEDOV,
Asaka tumani adliya boʻlimi boshligʻi,
Andijon viloyati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring