Qonunchilikdagi oʻzgarishlar ayollarning jamiyatda yana-da faol boʻlishiga imkon beradi

18:42 22 Noyabr 2023 Siyosat
252 0

Joriy yilning 22-noyabr kuni Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishi rejalashtirilayotgan masalalar koʻrib chiqildi.

Majlisda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, shuningdek xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari vakillari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

Xususan, “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi, “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi,  “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yana-da takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, saylov va referendum oʻtkazish tartibi yana-da takomillashtirilmoqda. Xususan, Saylov kodeksiga, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi hamda ushbu yoʻnalishdagi tegishli boshqa qonunlarga zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Qonunchilik palatasiga saylovni aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida oʻtkazish taklif etilmoqda. Shuningdek, quyi palataning 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiya roʻyxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar boʻyicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Referendum va saylov toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishni nazarda tutuvchi ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida sohaga taalluqli qonunlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtiriladi, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarining vakolatlari aniq belgilab qoʻyiladi. Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratiladi.

Qonunning yana bir muhim yangiligi shundaki, Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Majlis davomida Senat yalpi majlisida muhokama etilishi rejalashtirilgan boshqa qonunlar ham muhokama etilib, Qoʻmita aʼzolariga atroflicha maʼlumotlar berildi.

Majlisda Qoʻmita tomonidan Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan birgalikda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli va samarali oʻtkazishga qaratilgan toʻgaraklar faoliyatini oʻrganish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Shu munosabat bilan ushbu toʻgaraklarga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar vakillarining bu borada olib borayotgan ishlar yuzasidan qisqacha axborotlari eshitildi.

Shuningdek, Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining hududiy aʼzolari joylarda yoshlar uchun tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyatining sifati va samaradorligini oʻrganishga chiqishi, oʻrganish natijalari mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida muhokama etilishi taʼkidlandi.

Shu maqsadda vazirlik va idoralar masʼullaridan oʻrganish ishlarining samarali tashkil etilishida amaliy yordam koʻrsatilishi soʻraldi va bu borada Yoshlar parlamentiga koʻrsatmalar berildi.

Muhokamalar yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер