Qonunchilikda alkogol va tamaki mahsulotlari tarqatilishi boʻyicha yangi tartiblar joriy etilishi koʻzda tutilmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Majlisda deputatlar “Qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasi toʻgʻrisida”gi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi va boshqa bir qator qonun loyihalari manfaatdor idoralar mutasaddilari ishtirokida muhokama qildilar.
Jumladan, deputatlar “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasi jarayonida bu turdagi mahsulotlarning tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash sohasida qator qonun va normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilingan boʻlsada, ularning amaliyotda ijro etilish holati qoniqarli darajada emasligini taʼkidladilar.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash tashkiliy-huquqiy jihatdan ijro mexanizmlarini takomillashtirish koʻzda tutilgan. Xususan, nikotin yetkazib berish elektron tizimlari, nikotinli suyuqliklar, tamaki buyumlari, tamakini qizdirish tizimi, tamaki va nikotinni isteʼmol qilish uchun moslamalar (shu jumladan chilim) tamaki mahsulotiga tenglashtirilmoqda va tamaki mahsulotiga belgilangan barcha cheklovlarning ularga taalluqli boʻlishi nazarda tutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring