Qonunchilik palatasi deputatlari Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida bo‘ldi

19:05 06 Noyabr 2023 Jamiyat
314 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatida joylashgan Termiz daryo porti, “Gulbahor” va “Termiz avtoyo‘l” xalqaro o‘tkazish punktlariga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida deputatlar Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan shaxslarga va transport vositalariga, olib o‘tilayotgan tovarlarga nisbatan nazorat tartib-taomillari va ularni Davlat chegarasi orqali o‘tkazish jarayonlari, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasiga kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan chiqishda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Bundan tashqari, deputatlarga o‘tkazish punktlarida nazoratni amalga oshiruvchi bojxona organlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmati hamda davlat veterinariya xizmati faoliyati to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.

Tashrif doirasida deputatlar hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining harbiy xizmatchilari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ahamiyati va mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati ham o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, Davlat chegarasi davlat mustaqilligini, suvereniteti va birligini mujassam etish hamda ta’minlashning eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qo‘shinlarining asosiy vazifasi bo‘lib, harbiy xizmatchilarning bu boradagi faoliyatni amalga oshirishi qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish prinsiplariga asoslanadi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga, ushbu sohadagi davlat siyosatini amalga oshirish asoslarini hamda vakolatli davlat organlarining huquqiy maqomini mustahkamlashga, o‘tkazish punktlari orqali Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslarning huquqva majburiyatlarini belgilashga qaratilgan hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan 3 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mas’ulligida ko‘rib chiqilib, qabul qilinganligi aytib o‘tildi. Jumladan, 2023 yil 13 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan huquqni qo‘llash amaliyotida mazkur Qonunning avvalgi tahririda sohani tartibga solish bilan bog‘liq bir qator huquqiy kamchiliklar va bo‘shliqlar mavjud bo‘lgani xususida aytib o‘tildi.

Jumladan, Qonunning avvalgi tahririda Davlat chegarasi bilan bog‘liq asosiy tushunchalar berilmaganligi sababli ularning turli tarzda talqin qilinishiga olib kelgan, natijada davlat organlari tomonidan belgilangan vazifalarning bajarilishida bir qator muammo va tushunmovchiliklar kelib chiqqan.

Qator vazirlik va idoralarning Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish tizimida ishtirokini ta’minlashning huquqiy asoslari yetarli bo‘lmagan. O‘tkazish punktlari hududida jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilovchi normalar mavjud bo‘lmagan.

Yangi tahrirdagi Qonunda amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan normalar bilan bir qatorda ko‘pgina muhim jihatli normalar ham o‘z ifodasini topdi.

Jumladan, Davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan amalga oshirilishi, Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosati esa Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan amalga oshirilishi belgilandi, o‘tkazish punktlari orqali Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi.

Davra suhbati davomida deputatlar hamda harbiy xizmatchilar o‘rtasida mamlakatning huquqiy makonini, qonunchilik bazasini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga, uning talablari asosida yanada takomillashtirishga alohida e’tibor berilayotganligi alohida qayd etib o‘tildi. Shu bilan birga, amaliyotda uchrayotgan boshqa muammolar va ularni bartaraf etish borasida belgilangan vazifalar ham muhokama qilindi.

Tadbir so‘ngida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Surxondaryo viloyatida joylashgan bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tashrif, deputatlarda katta taassurot qoldirganligi va bu esa ularning kelgusidagi qonun ijodkorligi va parlament nazorati faoliyatlarida o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi ta’kidlab o‘tildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер