Qonun loyihasi yuzasidan 400 ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushdi — Jahongir Shirinov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi oʻz ishini davom ettirmoqda. Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda bobma-bob, moddama-modda atroflicha koʻrib chiqilmoqda.
Qonun loyihasini yanada takomiliga yetkazish maqsadida, joriy yilning 10-oktyabr kunidan 24-oktyabr kuniga qadar jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Muhokamalarda yoshlar, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari va siyosiy partiyalar vakillari, umuman Vatanimiz taqdiriga befarq boʻlmagan yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, oʻz taklif va fikr-mulohazalarini bildirishdi. Qolaversa, Qonunchilik palatasidagi deputatlar hamda siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan ham bir qator takliflar taqdim etildi.
Jamoatchilik muhokamalari davomida qonun loyihasi yuzasidan 400 ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushdi.
Yalpi majlisda siyosiy partiyalar faollari hamda jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok etgan fuqarolar ham ishtirok etmoqda.
Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qoʻmitasi raisi Jahongir Shirinov maʼruza qilyapti.
Masʼul qoʻmita tomonidan kelib tushgan har bir taklif quyidagi mezonlar asosida chuqur tahlil etib borildi:
– taklifning dolzarbligi;
– taklifning yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalariga, davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga, belgilab olgan strategiyamizga hamda xalqaro huquq normalariga zid kelmasligi;
– taklifni amalga oshirishning salbiy oqibatlari yoʻqligi yoki ularning minimal darajada ekanligi.
Qoʻmita yigʻilishlarida dolzarb ahamiyat kasb etgan bir qancha takliflar muhokama etildi va asosli deb topilgan takliflar qonun loyihasini takomiliga yetkazishda foydalanildi. Masʼul qoʻmita qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida tashabbuskor deputatlar hamda mutaxassislar bilan ham samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring