Qonun loyihasi bilan Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari kengaymoqda
2023-yil 24-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda fraksiya aʼzolari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida«gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi hamda uning vakolatlariga doir yangi normalarning belgilanganligi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida«gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berilishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga egaligidan kelib chiqib, Konstitutsiya va qonunlarning soʻzsiz ustuvorligi hamda ularning bir xilda amalda boʻlishini taʼminlaydi.
Fraksiya aʼzolari partiya saylovoldi dasturidagi maqsad va gʻoyalardan kelib chiqqan holda mazkur qonun loyihasi muhim konseptual hujjat ekanligi, ushbu yoʻnalishdagi qonunchilikning uzviyligi va davomiyligini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etishini eʼtirof etib, uni qoʻllab-quvvatladilar.Yigʻilishda kun tartibidagi boshqa masalalar ham deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring