Qonun ijrosi talabga javob beradimi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi hamda Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda mutasaddi vazirlik hamda idoralarning “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun doirasida amalga oshirilgan ishlar, bu borada mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, 2021-yil 15-noyabrda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun mamlakatimizda xususiylashtirish jarayoniga toʻsqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga, yer bozorining shakllanishi hamda rivojlanishiga, koʻchmas mulk bozorining jadal oʻsishi va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishga imkon yaratdi.
Mazkur qonun ijrosini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishda amaldagi tartib-taomillar soddalashtirildi. Yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish muddatlarini qisqartirish, yer uchastkalarini xususiylashtirish qiymatini kamaytirish maqsadida amaldagi tartib takomillashtirildi.
2022-yilning boshidan bugungi kunga qadar “Yerelektron” axborot tizimiga jami 90,8 mingta (5 827 gektar) boʻsh yer uchastkalari boʻyicha takliflar kiritilib, shundan 59,1 mingtasi (3 589,7 gektar) 1,71 trln. soʻm boshlangʻich narxda auksion savdolariga chiqarilgan. Auksion savdolarida boshlangʻich narxi 695,6 mlrd. soʻm boʻlgan 14,9 mingta (1 304,5 gektar) yer uchastkalari 1,11 trln. soʻmga sotilgan va 614 mlrd. soʻm toʻlovlar amalga oshirilgan. Qolgan mablagʻlarni boʻlib toʻlash boʻyicha jarayonlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, yuridik va jismoniy shaxslarga doimiy foydalanish, ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish qiymatini avval yillik yer soligʻining 20 baravari, keyinchalik Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida — yer soligʻining 10 baravari, boshqa hududlarda
5 baravari qilib belgilangani ham sohadagi qulayliklardan biridir.
Yigʻilishda mazkur yoʻnalishda qator ishlar amalga oshirilishiga qaramay, ayrim muammolar borligi, bartaraf etilishi zarur boʻlgan masalalar koʻzga tashlanayotgani qayd etildi. Jumladan, “Yerxususiylashtirish” AATda yer uchastkasining kadastr raqami bilan birgalikda uning lokatsiyasi orqali aniq koordinatalarini belgilash, iqtisodiy jihatdan jozibadorligi past boʻlgan yerlarni auksionga chiqarish holatlari mavjudligi, elektron platformalarning murakkabligi, ayniqsa, targʻibot va tashviqot ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani aytildi.
Shuningdek, shaharsozlik hujjatlari boʻlmagan joylardagi yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan holda savdolarga chiqarish hamda ijara huquqi asosida savdoga chiqarilayotgan yer uchastkalari boshlangʻich narxini bozor sharoitiga mos ravishda hisoblash mexanizmlarini joriy etish takliflari ilgari surildi.
Deputatlar har bir vazirlik va idoralarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish, mamlakat investitsion jozibadorligini oshirishda tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishiga alohida eʼtibor qaratishi zarurligini taʼkidlab, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar yuzasidan aniq va qatʼiy choralar koʻrish boʻyicha tegishli tavsiyalar berdi.
Shu bilan birga, xalq vakillari vazirlik va idoralar tomonidan mazkur masalada olib borilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini taʼminlashda hamkorlikda ishlashga tayyorligi, doimiy ravishda takliflar berib borishini qayd etdilar.
Yakunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring