Qonun ijrosi qay darajada ta’minlanmoqda?

17:16 23 Sentyabr 2023 Jamiyat
557 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7, 9, 10-moddalari ijrosi holatini Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari hamda viloyatlar hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ayollar va bolalar o‘rtasida kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash, shu orqali orqali xalqimiz genofondini saqlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2021 yildan boshlab bolalar uchun ovqatni boyitadigan qo‘shimchalar, vitamin “A” va gijjaga qarshi antigelmint preparatlarni bepul berish, 2022 yildan boshlab, homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 8,5 mln. nafar 3-15 yoshdagi bolalarni, yod preparati bilan davlat tomonidan bepul ta’minlash, 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollarni polivitamin, temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

“Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida hamda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida muayyan ishlar amalga oshirildi. Ayni chog‘da respublika bo‘yicha 3 mln. nafar 3-15 yoshdagi bolalar va 1,3 mln. nafar homilador va emizikli ayollar yod preparatlari bilan, 673,3 ming nafar 35 yoshgacha bo‘lgan tug‘ish yoshidagi ayollar temir preparati bilan qamrab olingan.

Shuningdek, ushbu viloyatlarda sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari hamda vitaminga boyitilgan un ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida ma’lumot almashinish yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur viloyatlarda 26 ta yodlangan osh tuzi ishlab chiqarish va qadoqlash korxonalari va sexlarida tekshiruv o‘tkazilib, uning natijalariga ko‘ra 44,5 ming kilogramdan ortiq osh tuzi iste’moldan olinib qayta yodlash tavsiya etilgan hamda 20 nafardan ziyod mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlari sudga o‘tkazilgan. Natijada, un va tuz mahsulotlarining zarur vitamin va minerallar bilan boyitilmasdan iste’molga chiqishining oldi olingan.

Shu bilan birga, bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash borasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 130 mingdan ziyod homilador va emizikli ayollar hamda 790 mingga yaqin 3-15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan, 50 mingga yaqin 35 yoshgacha bo‘lgan tug‘ish yoshidagi ayollar temir preparati bilan ta’minlangan.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunday sa’y-harakatlar natijasida 2017-2022 yillarda onalar o‘limi ko‘rsatkichi 1,5 baravarga, go‘daklar o‘limi esa 1,3 baravarga kamayishiga erishilgan. Har ikkala viloyatlarda joriy yilning birinchi 6 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan onalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi kamaygan.

Muhokamalar davomida deputatlar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z hududida oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shimcha vitamin va mikronutriyentlar bilan boyitish dasturlari, aholining to‘g‘ri ovqatlanishini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishni tashkil etish, sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shimcha vitamin va mikronutriyentlar bilan boyitish holati ustidan monitoring olib borish hamda nazoratni kuchaytirish zarurligini qayd etdilar.

Yig‘ilish yakunida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер