Qonxoʻr yoʻllar 30 kun ichida: oʻtda yonganlar, suvda choʻkkanlar, piyodalarni urganlar va OʻLIM yoxud hammasi YTHlar haqida

01:39 01 Iyul 2024 Jamiyat
782 0

Soʻnggi bir oy turli-tuman yoʻl transport hodisalari bilan esda qoldi. Alanga ichida qolgan mashinalardan tortib, piyodalar ishtirokida sodir boʻlganlarigacha taʼbimizni xira qilishi tayin. “Xalq soʻzi” soʻnggi bir oy ichida sodir boʻlgan YTHlarni eslab oʻtdi.

Oʻtda yonganlar va suvda choʻkkanlar

Iyun oyi juda issiq boʻldi. Bu esa turli yongʻinlarga sabab boʻldi. Quyida ularning ayrimlarini koʻrib chiqamiz.

***

3-iyun kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahrida uchta mashina ishtirokida yoʻl-transport hodisasi yuzaga keldi. Maʼlum qilinishicha, Alisher Navoiy va Termiz koʻchalari kesishgan chorrahada “Matiz”, “Nexia-3” va “Cobalt” mashinalari toʻqnashgan. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yoʻq. Toʻqnashuvda “Nexia-3” mashinasida yongʻin kuzatilgan va u bartaraf etilgan.

***

Qozogʻistonning Atirau viloyatida ichida Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan “Lada Largus” avtomobilida yongʻin sodir boʻldi. Maʼlum qilinishicha, 8-iyun kuni soat 11:45 da Rossiya—Oʻzbekiston yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan Oʻzbekiston davlat raqamiga ega boʻlgan “Lada Largus”da yongʻin yuz bergan. Voqea Atirau viloyati hududidan oʻtuvchi Atirau—Aqtoʻbe respublika ahamiyatiga ega avtomobil yoʻlining 31-kilometrida sodir boʻlgan. Ichida uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan mashinada alanga soat 12:50 da toʻliq bartaraf etilgan. Yongʻin oqibatida mashina haydovchisi jarohat olmagan, qolgan ikki nafar yoʻlovchi turli darajadagi kuyish jarohati bilan Atirau viloyat shifoxonasiga yotqizilgan.

***

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida “Lacetti” rusumli avtomobil yonib ketdi. Maʼlum qilinishicha, 12-iyun kuni soat 14:18 da Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli koʻchasida “Lacetti” rusumli avtomobilda yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida, shahar FVBga xabar tushgan. Shunga koʻra, 2 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji soat 14:23 da voqea joyiga yetib borib, yongʻin soat 14:25 da oʻchirilgan. Qoʻshimcha qilinishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushmagan.

***

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida “Cobalt” rusumli mashina yonib ketdi. Bildirilishicha, 15-iyun kuni soat 12:50 larda, Sharof Rashidov tumani hududidan oʻtgan xalqaro ahamiyatga ega M39 avtomobil yoʻlining 998 kilometrida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi 1977-yilda tugʻilgan haydovchi boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashinada elektr simlarining qisqa tutashuvi tufayli yongʻin sodir boʻlib, motor va salon qismi yongan. Alanga FVB tomonidan bartaraf etilgan. Yongʻin oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq.

***

Toshkent shahri Sergeli tumanida “Mercedes-Benz” rusumli avtobus toʻliq yonib ketdi. Maʼlum qilinishicha, 15-iyun kuni soat 11:35 larda Sergeli tumani Lutfikor koʻchasida “Mercedes-Benz” rusumli transport vositasida yongʻin kelib chiqqan. “Yongʻin oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq”, deyiladi YHXB xabarida.

***

Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Mercedes-Benz” rusumli transport vositasi toʻliq yonib ketdi. Maʼlum qilinishicha, 15-iyun kuni soat 11:30 larda Uchtepa tumani TXAY koʻchasi 18-avtobuslar saroyi qarshisida, “Mercedes-Benz” transport vositasining salon qismidagi elektr simlarida qisqa tutashuv boʻlganligi sababli, yongʻin kelib chiqqan. Alanga tuman FVB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.

***

Toshkent viloyati Parkent tumanida “Damas” yonib ketdi. Maʼlum qilinishicha, holat 20-iyun kuni soat taxminan 16:00 larda Parkent tumani hududidan oʻtgan 4R15 Qiziltogʻ—Parkent—Yangibozor avtomobil yoʻlining 56-kilometrida (“Parkent” bozori qarshisida) sodir boʻlgan. 1985-yilda tugʻilgan Ж.Б.га tegishli boʻlgan, toʻxtab turgan “Damas”da yongʻin yuzaga kelgan. Manbaga koʻra, ushbu holat sodir boʻlgan vaqtda avtomobilda hech kim boʻlmagan. Yongʻin oqibatida harakat ishtirokchilarining sogʻligʻiga ziyon yetmagan. Avtoulovning esa maʼlum qismi yonib ketgan.

***

Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida rul boshqaruvini yoʻqotib, pastlikka tushib ketgan yuk mashinasida yongʻin yuzaga keldi. Maʼlum qilinishicha, hodisa 20-iyun kuni soat 21:00 lar atrofida Kattaqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻlining 84-км.да sodir boʻlgan. “Navoiy—Samarqand—Buxoro” yoʻnalishi boʻylab harakatlanib kelayotgan yuk transport vositasida texnik nosozlik holati yuzaga kelgani sababli haydovchi rul boshqaruvini yoʻqotib yoʻlning oʻng chetki qismi pastlikka tushib ketgan. Oqibatida YTH sodir boʻlib, transport vositasida yongʻin yuzaga kelgan.

***

30-iyun kuni soat 00:45 da Qamchiq dovonidan oʻtuvchi A-373 avtomobil yoʻlining 268-kilometrida yuk mashinasida yongʻin sodir boʻldi. Qayd etilishicha, vodiydan Toshkent shahriga tomon harakatlangan Iveko yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yoʻqotgan, soʻngra YPX maskanidagi beton toʻsiqqa urilgan va yonib ketgan. “Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq. Avtotransport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanmoqda”, deyiladi xabarda.

***

Sirdaryo viloyati Shirin shahrida “Nexia-2” kanalga tushib ketishi oqibatida avtoulov haydovchisi va 4 nafar yoʻlovchi halok boʻldi. Bildirilishicha, 17-iyun kuni soat 13:00 larda “Janubiy Mirzachoʻl” kanali ustidan oʻtgan, Shirin shahri M. Ulugʻbek mahallasini Nurobod mahallasi bilan bogʻlab turuvchi koʻprik ustidan harakatlanayotgan “Nexia-2” rusumli avtomashina boshqaruvini yoʻqotib koʻprik toʻsinlariga urilgan va kanalga tushib ketgan. Oqibatda avtomashinada boʻlgan haydovchi va 4 nafar yoʻlovchi hodisa joyida choʻkib ketib halok boʻlgan.

***

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida suvga tushib ketgan “Spark” avtomashinasi va uning atrofida fuqarolar oqib ketayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Viloyat IIBB axborot xizmati boshligʻi Bobur Toʻlaganovning maʼlum qilishicha, barcha fuqarolar qutqarib olingan. Bildirilishicha, Toshkent viloyati Chirchiq shahar “Iqbol” mahallasida 53 yoshli ayol (haydovchi Д.М.) “Spark” avtomashinasini orqaga harakatlantirayotgan vaqtida ehtiyotsizlik sabab suvga tushib ketgan. Toʻlaganovga koʻra, hodisada hech kim jabrlanmagan.

Eʼtiborsiz haydovchilar va piyodalar

Piyodalarni urib ketish holati ham bu oyda koʻp uchradi. Haydovchilar ham piyodalar oʻtish yoʻlagida toʻxtashga “tanballik” qilganidek, piyodalar ham yoʻlning belgilanmagan qismidan oʻtishdan tortinishmayapti. Dahshatlisi esa ushbu holat ikki tomon uchun ham yaxshi tugamasligidir. Iyun oyida ham bunday holatlar koʻplab uchradi. Biz ularning ayrimlarini koʻrib chiqamiz.

***

Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida “Cobalt” yoʻlning belgilanmagan qismidan oʻtayotgan piyodani urib yubordi. Qayd etilishicha, 3-iyun kuni soat 13:55 da 44 yoshli haydovchi Н.К. oʻz avtomashinasini boshqarib kelayotib, Ahmad Yugnakiy koʻchasida yoʻlning belgilanmagan qismidan kesib oʻtayotgan 26 yoshli piyoda Д.Х. (qiz)ni urib yuborgan. Oqibatda qiz olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

***

Samarqand viloyati Nurobod tumanida sodir boʻlgan YTH oqibatida ikki nafar voyaga yetmagan bola halok boʻldi. Bildirilishicha, 2024-yil 4-iyun kuni soat 16:30 larda Nurobod tumani Mehnatkash mahallasi hududidan oʻtuvchi “Samarqand—Gʻuzor” A-378 avtomobil yoʻlining 35-kilometrida YTH yuz bergan. Unda 25 yoshli haydovchi П.Ё. oʻzining boshqaruvida boʻlgan “KamAZ-53212” rusumli yuk avtomashinasida harakatlanib borishi davomida, piyodalar oʻtish yoʻlakchasidan oʻtayotgan Ж.Ф. va uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandlarini urib yuborib yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan. Oqibatda 2 nafar voyaga yetmaganlar olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan.

***

Toshkent shahri Yashnobod tumanida inson oʻlimi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Maʼlum qilinishicha, 08-iyun kuni soat 00:10 larda Yashnobod tumani Sultonali Mashhadiy koʻchasidagi 216-uy qarshisida 1983-yilda tugʻilgan К.С. Kaptiva rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, 39 yoshli piyoda Э.Х.ни urib yuborgan. YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan,

***

Samarqand viloyati Toyloq tumanida “Damas” yoʻl chetidagi 2 nafar piyodani urib ketdi. Maʼlum qilinishicha, 10-iyun kuni soat 18:10 lar atrofida Toyloq tumani hududidan oʻtuvchi 4K-529A avtomobil yoʻlining 2-kilometrida Qoʻrgʻoncha—Qunduzak yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Damas” ikki nafar piyodani urib yuborib YTH sodir etgan. Oqibatda ikki nafar piyoda va transport vositasi ichida boʻlgan bir nafar yoʻlovchi olgan tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

***

Toshkent shahri Uchtepa tumanida yuk mashinasi 3 yoshli bogʻcha boʻlasini bosib ketdi. Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismiga Uchtepa tumani Koʻkcha darvoza koʻchasida yoʻl-transport hodisasi yuz bergani haqida xabar kelib tushgan. Unga koʻra, yuk mashinasi haydovchisi xususiy bogʻcha qarshisidan harakatlanib ketayotgan vaqtida 2021-yilda tugʻilgan piyodani urib yuborib, YTH sodir etgan. Oqibatda 3 yoshli bola olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan.

Oʻlim… U kutilganidan ham yaqinroq

YTHlarning eng yomon tomoni oxiri oʻlim bilan tugashidir. Shunchaki siz bir manzildan ikkinchi manzilga yetib olish uchun yoʻlga chiqasiz, oʻzingizning yoki qaysidir chala haydovchining beeʼtiborligi sababli YTHga uchraysiz. Va soʻnggida kimdir vafot etadi… Bu biz kutgan narsa emas, albatta. Biz quyida bir qator oxiri oʻlim bilan yakunlangan YTHlarni koʻrib chiqamiz.

***

Toshkent shahri Yashnobod tumanida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida haydovchi vafot etdi. Bildirilishicha, 7-iyun kuni soat 13:30 larda Yashnobod tumani Elbek koʻchasida haydovchi 1998-yilda tugʻilgan Б.Т. “Lacetti” rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yoʻqotgan va yoʻl chetidagi daraxtga bori urilgan. YTH oqibatida haydovchi olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.

***

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida inson oʻlimi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Maʼlum qilinishicha, Toʻrtkoʻl tumanidan oʻtuvchi 4R-182 avtomobil yoʻlida katta tezlikda harakatlanayotgan “Cobalt” mashinasining 31 yoshli haydovchisi boshqaruvni yoʻqotgan va yoʻl chetidagi pastlikka agʻdarilgan. YTH oqibatida haydovchi ogʻir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

***

Navoiyda bir necha insonning oʻlimi bilan bogʻliq dahshatli YTH sodir boʻldi. Bildirilishicha, 9-iyun kuni soat 15:00 lar atrofida Nurota tumaniga kiraverishdagi Dehibaland qishlogʻi hududidan oʻtgan “Navbahor—Nurota” yoʻlida YTH sodir boʻlgan. Ushbu yoʻlda harakatlanib borayotgan “Gentra” rusumli transport vositasi haydovchisi oʻzi bilan bir yoʻnalishda ketayotgan “Damas” mashinasini quvib oʻtmoqchi boʻlgan vaqtida qarama-qarshi tomondan kelayotgan “Onix” bilan toʻqnashgan. Oqibatda “Onix” mashinasi salonida boʻlgan bir oilaning 5 nafar aʼzosi: 36 yoshli erkak, uning 58 yoshli onasi, turmush oʻrtogʻi, 2 yoshli oʻgʻli hamda 2 oylik qizi, shuningdek, “Gentra” haydovchisi boʻlgan erkak vafot etgan. Aniqlik kiritilishicha, YTH qurbonlarining ikki nafari voqea joyida, 4 nafari esa shifoxonada vafot etgan.

***

Samarqand viloyatida “Damas” va “Cobalt” rusumli mashinalar ishtirokida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok boʻldi. Maʼlum qilinishicha, 13-iyun kuni soat 06:30 larda, Bulungʻur tumani Olmazor MFY hududidan oʻtgan M-39 avtomobil yoʻlining 1046-км.да haydovchi “Damas” rusumli avtomobilini “Toshkent-Samarqand” yoʻnalishida boshqarib ketayotib, qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan “Cobalt” rusumli avtomobilni old tomonidan kelib urib YTH sodir etgan. Oqibatda “Damas” haydovchisi shifoxonaga olib borilayotgan vaqtida olgan tan jarohatlari tufayli vafot etgan.

***

Toshkent shahri Chilonzor tumanida “Malibu-2”, “Lacetti” va “Lada” ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Qayd etilishicha, 13-iyun kuni soat 01:00 larda Chilonzor tumani Bunyodkor koʻchasida, 27 yoshli М.А. boshqaruvida boʻlgan “Malibu-2”, 32 yoshli А.З. boshqaruvidagi “Lacetti” hamda 33 yoshli П.Л. boshqaruvidagi boʻlgan “Lada” rusumli avtomashinalari ishtirokida yoʻl transport hodisasi sodir boʻlgan. YTH oqibatida “Malibu-2” avtomashina haydovchisi olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.

***

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida toʻxtab turgan yuk mashinasining ortidan kelib urilgan “Nexia-3” rusumli transport vositasi ikki nafar yoʻlovchisi qurbon boʻldi. Maʼlum qilinishicha, 15-iyun kuni soat 12:10 larda Ishtixon tumani hududidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻlida “Nexia-3” rusumli transport vositasi haydovchisi “Samarqand—Buxoro” yoʻnalishida harakatlanayotib, yoʻlning oʻng tomon chetki qismida toʻxtab turgan “Isuzu” rusumli yuk mashinasining orqa tomonidan kelib urilgan. Oqibatda “Nexia-3” rusumli avtomobil old oʻrindigʻida boʻlgan yoʻlovchi olgan tan jarohati tufayli voqea joyida, orqa oʻrindiqda boʻlgan yoʻlovchi esa tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish boʻlimida vafot etgan.

***

Qozogʻistonda sodir boʻlgan dahshatli YTHda 51 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi. Manbaga koʻra, joriy yilning 15-iyun kuni soat 06:30 larda Qozogʻiston hududidan oʻtgan Atirau-Dossor trassasida 3 ta avtomobil ishtirokida odam oʻlimi bilan bogʻliq yirik YTH sodir boʻlgan. Atirau viloyati politsiya departamenti xabariga koʻra, hodisa KamAZ, PAZ va “Nexia-1” avtomashinalari ishtirokida yuz bergan. “Hodisada “Nexia-1” haydovchisi boʻlgan 1973-yilda tugʻilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida halok boʻlgan”, deyiladi xabarda.

***

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida “Nexia-1” rusumli transport vositasi toʻxtab turgan yuk mashinasiga borib urilishi oqibatida bir kishi halok boʻldi. Bildirilishicha, hodisa 19-iyun kuni soat 05:30 larda Sardoba tumani Otayurt MFY hududidan oʻtuvchi M-39 avtomobil yoʻlining 931-км.да sodir boʻlgan. Aniqlik kiritilishicha, 42 yoshli К.А. “Nexia-1” rusumli transport vositasida Toshkent—Termiz yoʻnalishi boʻylab harakatlanib ketayotgan vaqtida uxlab qolgan va rul boshqaruvini yoʻqotib, oʻzi bilan bir yoʻnalishda yoʻl chetida toʻxtab turgan MAN rusumli yuk mashinasining orqa qismiga borib urilgan. Oqibatda yengil mashina haydovchisi А.К. “Ogʻir qoʻshma jarohat, yuqori jagʻ suyagi yopiq sinishi, oʻng tirsak suyagi sinishi, oʻng son suyagi yopiq sinishi va lab yirtilishi” jarohati bilan Sardoba tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan, biroq u olgan tan jarohatlari ogʻirligidan shifoxonada vafot etgan.

***

Fargʻona viloyati Rishton tuman markazida avtomashinaga oʻrnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etdi. Maʼlum qilinishicha, hodisa 27-iyun kuni Rishton tuman markazidagi dehqon bozori hududida sodir boʻlgan. “Lacetti” rusumli avtomashinaning 52 yoshli haydovchisi transport vositasini bozor hududiga qoʻyib, oʻzi savdo qilish uchun ichkariga kirib ketgan. Shu vaqtda, avtomobilga oʻrnatilgan gaz balloni portlab, yongʻin kelib chiqqan. Portlash oqibatida, shu yaqin atrofda boʻlgan fuqaro А.А. tan jarohati olib, koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Xulosa oʻrnida…

Iyun oyining oʻzida 22 ta inson oʻz hayoti bilan xayrlashdi. Ularning orasida butun oiладаn tortib, 3 yoshli begunoh goʻdakkacha bor. Shu oʻrinda barcha haydovchilar va piyodalarga murojaat qilmoqchimiz: aziz hamyurtlar, yoʻllarda eʼtiborli boʻling. Insonning hayoti har qanday narsadan ustundir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер