Qoʻmitada vazirliklarning axboroti eshitildi

18:14 27 May 2021 Iqtisodiyot
882 0

2021-yil 27-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda qoʻmita aʼzolari Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish hamda Moliya vazirliklarining axborotlarini eshitdi.

Moliya vazirligining axborot berishicha, Xalqaro “Heritage Foundation” jamgʻarmasi tomonidan yuritiluvchi “Iqtisodiy erkinlik” indeksining 2021yil hisoboti eʼlon qilindi. Unda Oʻzbekiston 58,3 ball bilan 6 pogʻonaga yuqoriladi. Bir necha yildan buyon Oʻzbekiston mazkur indeksda ijobiy oʻsish surʼatlarini saqlab kelmoqda.

Mazkur indeks “Sud faoliyati samaradorligi”, “Davlat xarajatlari”, “Davlatning yaxlitligi”, “Mehnat bozori erkinligi”, “Biznes erkinligi”, “Soliq yuki”, “Monetar erkinlik”, “Mulkchilik huquqi”, “Fiskal salomatlik” hamda “Savdo erkinligi” indikatorlarni oʻz ichiga oladi.

Qayd etilganidek, jismoniy shaxslar daromad soligʻi stavkasi 2019-yil 1-yanvardan boshlab 12 foizga tushirilgan boʻlsada, xalqaro tashkilotlarning maʼlumot manbalarida bu oʻzgarishning kechroq aks ettirilganligi, indikatorni hisoblashda hamon eski stavkalarning inobatga olinganligini koʻrish mumkin. Moliya vazirligining prognoziga koʻra, indeks tahlilchilari tomonidan mazkur soliq stavkasining joriy stavkasi inobatga olingan taqdirda, Oʻzbekistonning soliq yuki indikatoridagi koʻrsatkichi 2,1 ballga yuqorilab, 94,5 ballni tashkil etishi kutilmoqda. Bu oʻz navbatida, indeksdagi umumiy oʻrnimizning yuqorilashiga ham xizmat qiladi.

Tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining axboroti ham eshitildi.

Taʼkidlanishicha, “2021-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kambagʻallikni qisqartirish konsepsiyasi va dasturi”, “Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash uslubiyoti” loyihalari ishlab chiqildi. Hozirda ushbu loyihalar oʻrnatilgan tartibda tegishli vazirliklar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan.

Shuningdek, kambagʻal oilalarning doimiy daromad manbaini yaratishda jahon amaliyoti atroflicha oʻrganildi. Shundan kelib chiqib, kambagʻal aholining doimiy daromad manbaini yaratish uchun dastlabki kapitalini shakllantirish maqsadida subsidiyalar ajratish mexanizmi joriy etildi, inson kapitali sifatini oshirish ishsiz hamda malakaga ega boʻlmagan aholini turli kasb-hunarlarga oʻqitish maqsadida yangicha yondashuvlar ishlab chiqildi hamda kambagʻal oilalarga toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy va nomoddiy yordam koʻrsatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagi ishlarning amalga oshirilishi boʻyicha hududlarda olib borilayotgan chora tadbirlar Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlar nazoratida boʻladi. Shu bilan birgalikda, kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar boʻyicha har bir tuman va shahar boʻyicha manzilli dastur qabul qilinadi va ularning ijrosi boʻyicha hokimlar OAV orqali xalqqa hisobot berib borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Tadbirda shuningdek, deputatlar tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining YEOII bilan moliya, bank, sugʻurta, qimmatli qogʻozlar bozori hamkorligining ayrim jihatlariga oid masalalarni tahlil qilish va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan axboroti ham eshitildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер