Qoʻmita nechta qonun va qaror loyihasiga masʼul edi?
2022-yil 17-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan “Agrar sohasidagi islohotlar samara va natijalar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda qoʻmitaning 2021-yildagi faoliyati yuzasidan OAV xodimlariga batafsil va tahliliy maʼlumotlar berildi.
Qayd etilganidek, qoʻmita oʻtgan davrda qonun ijodkorligi yoʻnalishida 10 ta qonun, 4 qaror loyihasiga masʼul boʻldi. Qonun va qonunosti hujjatlari ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat-tahlil tartibida oʻrganish hamda ular yakunlari boʻyicha davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining axborotini eshitish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, saylovchilar tomonidan koʻtarilgan masalalar, joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchilik hamda muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, 7 marotaba tegishli vazirlik va idora rahbarlarining axboroti eshitilib, taklif va tavsiyalar berildi.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish hamda ularni hal etishga alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻmita nomiga kelib tushgan 608 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, ijobiy yechim topildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi paytlarda fuqarolar tomonidan yoʻllanayotgan murojaatlarda qonun hujjatlari normalarini takomillashtirishga doir takliflar salmogʻi oshib bormoqda. Berilgan ushbu takliflar qoʻmita aʼzolari tomonidan atroflicha koʻrib chiqilmoqda. Bu kabi omillar qonun loyihalarining yanada pishiq-puxta boʻlishga xizmat qilmoqda.
Qoʻmita faoliyatini samarali tashkil etish, qonun loyihalarini keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish, amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish maqsadida targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
Shuningdek, qoʻmita deputatlari ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari orqali agrar sohadagi islohotlarni huquqiy tartibga solish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham keng jamoatchilikka maʼlumotlar yetkazib bordi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan yoʻllangan savollarga batafsil javoblar berildi.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring