Qoʻmita majlisida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining tashqi iqtisodiy yoʻnalishidagi muhim vazifalar muhokama qilindi
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining xalqaro aloqalar, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida nazarda tutilgan mamlakatimiz xalqaro imijini yanada oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini yanada oshirish va turizmni rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, tashqi siyosat konsepsiyasini takomillashtirish, yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini kengaytirish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xorijdagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimizning investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi, milliy eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada faollashtirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, yangi turizmni rivojlantirish strategiyasi doirasida mamlakatimizning turistik salohiyatini xalqaro miqyosda targʻib etish, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Senatorlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlashda parlament nazoratini kuchaytirish, davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini taʼkidlab oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring