Qoʻmita majlisida muhim qonun hamda bola huquqlarini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi

09:27 05 Mart 2026 Siyosat
276 0

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar ortib bormoqda. Xususan, soʻnggi 5-yilda respublikada aniqlangan narkojinoyatlar 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar 67 foizga, shundan, sintetik giyohvandlik vositalari 80 baravarga koʻpaygan.

Ushbu Qonun bunday salbiy holatlarning oldini olish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirish, mavjud normalardagi boʻshliqlarni toʻldirish orqali amaldagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Senatorlar tomonidan alohida qayd etilgandek, ushbu Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda narkojinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha jinoyat-huquqiy siyosatning tubdan oʻzgarishiga, aholi genofondiga taʼsir qiluvchi uyushgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligining oshishiga, voyaga yetmagan va yoshlar orasida giyohvandlikning oldini olish hamda ularni narkojinoyatlardan ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Shundan soʻng Oliy Majlis Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi haqidagi maʼruzasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, 2025-yilda Bolalar ombudsmani nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan 1 934 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 509 tasi ijobiy hal qilingan.

Murojaatlar tahlili va monitoringi asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yoʻl qoʻyilganlik holatlari yuzasidan munosabat bildirilib, Bolalar ombudsmani tomonidan 2 ta ogohlantirish, 3 ta taqdimnoma, 18 ta xulosa kiritilgan.

Shuningdek, bolalar huquqlarini buzish holatlarining oldini olish, ularga nisbatan zoʻravonlikka qarshi samarali choralar koʻrish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Muhokama davomida masʼul vazirlik va idoralar vakillari tomonidan inson huquqlari va bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi islohotlar hamda ularning manfaatlarini taʼminlashga oid fikr va mulohazalar bildirildi.

Muhokama yakunida Qoʻmitaning bola huquqlari sohasidagi qonunchilik ijrosini yanada takomillashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalari hamda tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?