“Qodirobod”ning qirq yillik muammosi yechim topdi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi adirliklar bagʻrida oʻtgan asrning saksoninchi yillarida tashkil etilgan “Qodirobod” massivi avvaliga ancha gullab-yashnagan edi. Yillar oʻtishi bilan bu maskanda oqar suv tanqisligi kuchayib, dehqonchilikdan baraka qochdi, ayrim xonadon sohiblari koʻchib ketishga ham tushdi. Qolganlar esa tomorqalaridagi mevaga kirgan daraxtlarini bir amallab saqlab qolishga intilishdi.
Va nihoyat aholini uzoq yillar qiynab kelgan muammo yaqinda yechimini topdi. Hudud “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga kiritilib, tomorqa yerlarini sugʻorishni yaxshilash boʻyicha loyihani amalga oshirishga kirishildi.

— Dastur doirasida “Axsi-2” nasos stansiyasidan 1,5 kilometr uzunlikda tarmoq tortish harakati boshlandi, — deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Abdulla Turdaliyev. — Buning uchun 1 milliard 800 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Natijada aholining jami 20 gektar maydonni egallagan tomorqalariga ham obihayot yetib boradi.
Ayni kunlarda “Diament kontinental” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishchilari tomonidan 330 diametrli quvurlar keltirilib, ularni yotqizishga moʻljallangan chuqurlar tezkorlik bilan kovlanyapti. Quruvchilar ishni ekinlar parvarishi jadal tus oladigan pallagacha yakunlashni maqsad qilishgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring