Qiziriqda 10 nafar bolaning sunnat toʻyi oʻtkazildi
Mamlakatimizda ijtimoiy kam taʼminlangan oilalarning farzandlarini sunnat toʻylarini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan.
Ana shunday xayrli tadbirlardan yana biri Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida boʻlib oʻtdi. Tuman hokimligi, tuman mahalla uyushmasi, “Osiyo” tantanalar saroyi tashabbusi va homiyligida ijtimoiy kam taʼminlangan oilalarning 10 nafar farzandlarini sunnat toʻyi oʻtkazib berildi.
Toʻy tantanasida toʻybolalarning ota-onalari, qarindosh-urugʻlari, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.
Tantana ochilishida soʻz olganlar tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda oʻzaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bagʻrikenglik hamda xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.
Bolajonlarning sunnat toʻylari toʻkin dasturxon, oʻziga xos milliy anʼanalarimiz asosida oʻtkazilgani toʻybolalar, ularning ota-onalari qalbiga quvonch hadya etdi. Toʻybolalarning har biriga velosiped, turli oʻyinchoqlar sovgʻa qilindi.
Xatna toʻyda sanʼatkorlarning chiqishlari barchaga xush va koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring