“Qizimni Salomova maktabida oʻqitaman...”
— Aytaymi nega Salomova maktabini tanlaganimni? — deydi onaxon “Damas”da Yakkabogʻ tumaniga borar ekan. — Chunki qoʻshnimizning qizi shu maktabda pazandalikni oʻrganib, shunday chiroyli tort pishiryapti, yesangiz mazasi ogʻzingizda qoladi. Faqat tort emas, turli shirinlar tayyorlaydiki, xuddi fabrikada ishlab chiqarilganday. Bu hunarni qayerdan oʻrganding desam, Yakkabogʻdagi Salomova opa maktabida oʻqib chiqdim, deydi.
— Shunga Yakkabogʻ tomonga otlandingizmi qizingizni olib? — deydi yonidagi keksaroq ayol.
— Ha, qizimni toʻgʻri uning qoʻliga topshirmoqchiman, — yana gapida davom etadi onaxon. — Qoʻshnimning qizi juda oʻzgarib qoldi. Voy, tili shirinligini, qoʻlini koʻksiga qoʻyib salom berishini, buniyam qoʻya turaylik, “Nargiza opam” dedi shekilli oʻsha Salomovani oʻsha “Oʻz qoʻling bilan hayotingni oʻzgartir” debdi. Bu zoʻr gapda! Toʻgʻri, bizning mahallamizda tadbirkor, ishbilarmon, roʻzgʻorini ham guldek qilib qoʻygan ayollar juda koʻp. Ammo qoʻlidan ish kelmaydigan, “Ish yoʻq, qayerda ishlayman” deb kun boʻyi telefonga tikilib turadigan qizlar ham borda. Salomova ana shundaylarni uch oyda oʻz qoʻli bilan hayotini oʻzgartiradigan qizlarga aylantirar ekan.
— Oʻzingizning qizingizchi, hunari yoʻqmi?
— Hunari boʻlsa, shuncha yoʻl bosib, Salomovani izlab yurarmidim?! Tikuvchilikka oʻqitmoqchiman. Qoʻshnim qizi aytishiga koʻra, Nargiza Salomova Yakkabogʻda “Setora Imkon Plyus” nodavlat oʻquv muassasini ochibdi. Hozirgacha 20 ming nafarga yaqin xotin-qiz oʻqib chiqibdi. Bexabar qolgan ekanmiz, mana, hechdan koʻra kech deb yoʻlga chiqdim. Keyinchi, oʻsha ayol — Nargiza Salomova Yakkabogʻ tuman Kengashi deputati ekan. Shu yilning oʻzida 300 nafar “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi xotin-qizlarni tekin, oʻz hisobidan oʻqitibdi. Aytishlariga qaraganda, ja alomat ayol emish deng. Ikki marta Prezident sovrini — “Spark” avtomobiliniyam qoʻlga kiritibdi.
— Ha, oʻsha alomat ayolni men ham taniyman, — dedi “Damas” haydovchisi. — Sizni toʻgʻri oʻsha oʻquv muassasasiga olib boraman. Mening qizim ham oʻqib chiqqan, xuddi aytganingizdek, oʻzini oʻzi ish bilan band qilgan.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring