Qizilqumda sunʼiy yomgʻir yogʻdirish texnologiyasi oʻrnatilmoqda

13:32 23 Aprel 2025 Jamiyat
271 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Qizilqumda ajdodlarimiz azal-azaldan chorvachilik bilan shugʻullanishib, dunyoga “Buxoro qorakoʻli” brendi ostidagi moʻynachilik dovrugʻini yoyishgan.

Biroq oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida “SJK” (biya qoni zardobi) preparati asosida sunʼiy urugʻlantirishning qoʻllanishi qorakoʻlchilikda nasl buzilishi oqibatida soha inqiroziga olib keldi.

Global iqlim oʻzgarishi, surunkali qurgʻoqchiliklar va choʻllanish oqibatlarida seroʻt yaylovlar yil sayin qisqarib, hududlarda chorvachilikni nainki rivojlantirish, balki saqlab qolish ham dushvor boʻlib qoldi.

— Chorvachilik Qizilqumda asrlar davomida mahalliy aholi bandligini ham taʼminlab kelgan, — deydi Konimex tumani hokimi Ruslan Roʻziyev. — Mamlakatimiz Prezidenti viloyatimizga oʻtgan yilgi tashrifida masalaning shu jihatiga alohida eʼtibor qaratib, Mongoliyadan iqlim sharoitiga tez moslashuvchan “Bayat” zotli qoʻylarni olib kelish hamda viloyatimiz yaylovlari holatlarini yaxshilash vazifalarini belgiladi.

Bugun davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan sunʼiy yomgʻir yogʻdirish texnologiyasi oʻrnatish vazifasiga Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi choʻl yaylovida kirishildi.

Respublikamiz yaylovlarida ilk bor qoʻllanilayotgan ushbu texnologiya atmosferadagi tabiiy jarayonlarga taʼsir koʻrsatib, bulut hosil qilish va yomgʻir yogʻdirish imkoni beradi. Loyiha Qozogʻistonning “International Centre of Climate Change Technologies” (ICCT) kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, Mongoliyadan “Bayat” zotli qoʻylarni olib kelish ishlari oʻtgan yilning dekabr oyida boshlanib, bosqichma-bosqich nihoyasiga yetkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер