Qizilqumda konchilar uchun maxsus qoʻrgʻoncha foydalanishga topshirildi

19:08 26 Avgust 2022 Jamiyat
805 0

Foto: Xalq so‘zi

Qoʻrgʻonchaning ochilish marosimida Navoiy kon-metallurgiya kombinati Bosh direktori Q. Sanaqulov, «Navoiyuran» davlat korxonasi Bosh direktori J. Hasanov va Konimex tumani hokimi R. Roʻziyev “Zafarobod” kon boshqarmasiga qarashli 1-geotexnologik koni jamoasini Mustaqilligimizning 31 yilligi bilan qutlab, istiqlol mamlakatimizda inson qadrini yuksak qadriyat darajasiga koʻtargani, konchilar hayoti va mehnati muhofazasi tizimli ravishda yaxshilanib borayotgani “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” gʻoyasining yana bir amaliy ifodasi ekanini taʼkidlashdi.

Chindan ham Zafarobod qoʻrgʻonidan 105 km, 1-geotexnologik konidan 72 km uzoqlikda joylashgan ushbu hududda mehnat qilishning oʻzi boʻlmaydi. Qilt etgan shamol, tik turgan xoda uchramaydigan Qizilqumda saraton kunlari soya, qish izgʻirinida pana joyni topish mushkul. Choʻlning injiq iqlimi sinovlarini nazariga ilmagan konchilar oʻz matonati bilan mamlakatimiz iqtisodiyotiga ulkan hissa qoʻshayotgani va ular uchun munosib mehnat sharoiti yaratish ayni zarurat ekani qayd etildi.

1-geotexnologik kon «Aulbek» uchastkasining ishchilar qoʻrgʻonchasi nomini olgan ushbu maskanni qurish ishlariga 300 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi. Qisqa davr ichida “Zafarobod” kon boshqarmasining Taʼmirlash-mexanika sexi va Kapital qurilish boʻlimi quruvchilari shijoati bilan 96 oʻringa moʻljallangan 26 ta zamonaviy vagon-konteynerlardan iborat yaxlit ishchilar qoʻrgʻonchasi qad rostladi. Vagon-konteynerlarning 12 tasi yotoqxona, 12 tasi xizmat xonalari boʻlib, oshxona, ovqatlanish, yuvinish, kiyinish, Maʼnaviyat va tibbiyot xonalari zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Bundan tashqari qoʻrgʻonchada ishchi-xodimlar dam olish paytlarida madaniy hordiq chiqarishlari va badantarbiya bilan shugʻullanishlari uchun kichik sport maydonchasi ham mavjud.

Tantanali marosimda qoʻrgʻonchaning qurilishida jonbozlik koʻrsatgan quruvchilar va faol ishchi-xodimlar korxona tomonidan ragʻbatlantirilib, bayram dasturxoni tuzaldi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер