Qizgʻin bahs-munozaralar, tortishuvlarda xalq manfaatlariga ustuvorlik qaratilmoqda

11:28 19 Fevral 2020 Siyosat
1373 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, inson manfaatlarini taʼminlash, bolalar huquqlarini kafolatlash, tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar koʻrib chiqildi. Qonun loyihalari muhokamasida, eng avvalo, ularning hayotimizda qanchalik ahamiyatga egaligi, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan hujjat sifatida amaliyotga qay darajada tatbiq etilishiga eʼtibor qaratildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri lavozimiga nomzod maʼqullandi

Deputatlar Prezidentimizning “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tashkil etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi masalasini koʻrib chiqdi.

Vazir lavozimiga ayni payt­da Fuqarolarning oʻzini oʻzi ­boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari — “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi ­lavozimida ishlab ­kelayotgan Rahmat Mamatovning nomzodi koʻrsatilgan.

Muhokamalar chogʻida deputatlar yangi vazirlik va uning rahbariyati oldida turgan muhim vazifalar xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Mahalla institutining ichki ishlar organlari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan uzluksiz, tizimli hamkorligini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi oʻta muhim masalalar yuzasidan takliflarini ilgari surdi.

Shu bilan birga, nomzodning harakat rejasi yuzasidan savollar berildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri lavozimiga nomzodi koʻrsatilgan Rahmat ­Mamatov parlament aʼzolari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytardi hamda ular eʼtiboriga mazkur lavozimga kirishganidan soʻng vazirlik bilan parlament oʻrtasidagi munosabatlar yana-da faol va samarali boʻlishini bildirdi.

Savol-javob, muhokamalar yakunida quyi palataning Rahmat ­Mamatovni Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri lavozimiga maʼqullash haqidagi qarori qabul qilindi.

Minglab yurtdoshlarimizga fuqarolik beriladi

Deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama etilgan masalalardan biri —“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Fuqarolik — har bir shaxsga barcha fuqarolar qatori teng sharoit va imkoniyatlardan foydalanish huquqini beruvchi muhim ijtimoiy-siyosiy huquq hisoblanadi. Vatanimiz hududida tugʻilib, yashab, ishlab, biroq muayyan sabablarga koʻra, ana shunday muhim huquq — Oʻzbekiston fuqaroligini ololmay yurgan yurtdoshlarimiz ham oz emas.

Shu bois Prezidentimiz keyingi uch yil ichida ana shunday ogʻriqli masalasi bor koʻplab yurtdoshlarimizga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 1991-yil sentyabr oyidan bugungi kunga qadar 8249 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham ayni masalaga alohida eʼtibor qaratilgani ming-minglab yurtdoshlarimiz koʻnglini yorishtirib yubordi. Unda, shuningdek, 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bogʻliq uzoq yillardan buyon yechilmasdan ­kelayotgan muammosi hal etilishi koʻzda tutilgandi.

Majlisda parlament aʼzolari tomonidan keng muhokama etilgan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ayni ­muhim masalani hal etishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.

Amaldagi qonun 27 yil avval qabul qilingan boʻlib, maʼnan eskirgan hamda bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar talablariga javob bermaydi.

Shu bois loyiha tegishli qoʻmita, siyosiy par­tiyalar fraksiyalari, deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida qayta-qayta koʻrib chiqilib, tahlil qilindi. Mutaxassis va ekspertlarning takliflari olindi.

Mazkur qonun loyihasining 6-moddasida 1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskaga oʻtgan, xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirgan kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida istiqomat qilgan shaxs, istak bildirgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi, deb tan olinishi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasiga “vatandosh” tushunchasi kiritilib, fuqaroligi boʻlmagan vatandoshlarga nis­batan fuqarolikka qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi belgilanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalarini koʻrib chiqishda idora­lararo elektron hamkorlik mexanizmlari ­yaratilishi boʻyicha qator normalar kiritilyapti.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish tartib-taomillari erkinlashtiriladi. ­Fuqarolikni olish maqsadida taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar soni qisqaradi. Fuqarolarni konsullik hisobiga turish muddati uzaytiriladi. Umuman, bu bilan sohaga doir huquqni qoʻllash amaliyotining aniq va bir xilda boʻlishi taʼminlanadi.

Majlisda kechgan qizgʻin savol-javob, muhokamalardan soʻng qonun qabul qilindi va Senatga yuboriladigan boʻldi.

Qonun loyihasi masʼul qoʻmitaga qaytarildi

Majlisda koʻplab masalalar qatorida “Bola huquqlari kafolatlarining yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi batafsil koʻrib ­chiqildi.

Ushbu hujjat bilan bir qator qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra, 18 yoshga toʻlmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsni, agar uning ota-onasidan biri, vasiylikka yoki homiylikka olgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asosga koʻra yashash huquqiga ega boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasidan maʼmuriy ­tarzda chiqarib yuborish taqiqlanmoqda. ­Deputatlarning fikricha, bu ­bolalar huquqlarini taʼminlash barobarida, ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga xizmat ­qiladi.

Taʼkidlanganidek, qonun lo­yihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan har bir taklif va mulohaza atroflicha oʻrganib chiqildi. Takliflarning ­aksariyati inobatga olindi va loyihaga tahririy oʻzgartishlar kiritilib, maromiga yetkazildi. Havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar bilan boyitildi.

Qizgʻin bahs-munozara, savol-javoblardan soʻng ushbu hujjat moddama-modda koʻrib chiqilishi jarayonida baʼzi masalalar borligi oydinlashdi. Parlament aʼzolarining savollari, eʼtirozlaridan kelib chiqib, loyiha quyi palataning navbatdagi majlisida koʻrib chiqilishi uchun masʼul qoʻmitaga qaytarildi.

Mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish tizimida qanday yangiliklar boʻladi?

“Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Prezidentimizning 2019-yil 23-iyuldagi “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Ikkinchi oʻqishda atroflicha koʻrib chiqilgan loyiha bilan mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida belgilangan miqdorlardan oshmaydigan summada mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing berishi nazarda tutilib, mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishning hajmlari oshirilmoqda.

Ushbu hujjat bilan kiritilayotgan oʻzgartishlar aholining va tadbirkorlik subyektlarining mikromoliyaviy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, toʻlov qobiliyatini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda koʻrsatilayotgan mikromoliyaviy xizmatlar hajmining oshishiga yordam beradi.

Ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida loyiha deputatlarning fikr-mulohazalari, takliflari asosida qayta ishlanib, pishiq-puxta holga ­keltirildi. Xususan, qonun loyihasining 4, 5 va 6-moddalarida mikromoliyaviy xizmatlar hisoblangan mikrokredit, mikrozaym va mikroli­zingning aniq miqdorlari belgilanmoqda.

Majlisda deputatlarning shu va boshqa bir qator muhim taklif hamda mulohazalari tinglanib, atroflicha muhokama qilindi. Ularning aksariyati qonun loyihasida oʻz ifodasini topdi.

Gaaga konferensiyasi Ustavi ratifikatsiya qilinadi

Deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotiga daxldor koʻplab qonun loyihalari qatorida “Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi Ustavini ­(Gaaga, 1951-yil 31-oktyabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qilishdi.

Taʼkidlanganidek, Gaaga konferensiyasi 1893-yilda tashkil etilgan boʻlib, bosh qarorgohi Gaaga shahrida joylashgan xalqaro hukumatlar­aro tashkilot hisoblanadi.

Hozirgi kunda tashkilotga 82 ta davlat, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi aʼzo sanaladi. MDH davlatlari orasidan esa konferensiyada Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston respublikalari va Rossiya Federatsiyasi ishtirok etadi.

Gaaga konferensiyasi 1955-yil 15-iyulda kuchga kirgan Ustav asosida faoliyat yuritadi.

Majlisda kechgan muhokamalarda mazkur tashkilot Ustavini ratifikatsiya qilish bilan bogʻliq barcha masalalar deputatlar eʼtiboridan chetda qolmadi.

Parlament aʼzolarining fikricha, Oʻzbekistonning mazkur tashkilotga aʼzo boʻlishi xalqaro fuqarolik, oilaviy va xususiy huquqning unifikatsiya­si jarayonida mamlakatning ishtirokini va zamonaviy standartlarni hisobga olgan holda, huquqiy sohani yana-da rivojlantirishni hamda chet elda yashovchi fuqarolarning huquq-manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlashga xizmat qiladi.

Muhokamalardan soʻng ushbu qonun qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер