Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyati oʻrganildi

20:07 10 Mart 2026 Siyosat
278 0

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy etish borasida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar holati joyiga chiqib oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida mazkur sohaga oid hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi ijrosining holati, bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar tahlil qilindi.

Xususan, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimiga kiruvchi 13 ta ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati transformatsiya qilinib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan yangi ilmiy yoʻnalishlar — “yangi drayver”lar tashkil etilgan.

Jumladan, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashtirishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 14 ta xorijiy ilmiy muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 30 ta shartnoma va memorandumlar imzolangan. Natijada umumiy qiymati 78 mlrd soʻmlik xalqaro grant loyihalari amalga oshirilgan.

Tuproqni muhofaza qilish, zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va yerlarni lazerli tekislash boʻyicha ilmiy-metodik asoslar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, tuproq tarkibidagi foydali mikroorganizmlar faolligini oshirish, suv va ozuqa rejimini yaxshilash maqsadida “Biochar” va “Jivamrut” kabi tabiiy biooʻgʻitlardan foydalanish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida esa zamonaviy biotexnologik va molekulyar-genetik tahlillarni amalga oshirishga ixtisoslashgan “Gʻoʻza biotexnologiyasi” laboratoriyasi tashkil etilgan.

Bundan tashqari, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Vengriya davlati bilan hamkorlikda zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlangan “In-vitro” laboratoriyasi faoliyat olib bormoqda.

Oʻrganish davomida soha mutaxassislari va olimlar bilan sohada mavjud muammolar, ularni bartaraf etish hamda islohotlarni izchil davom ettirish, amaliy natijadorlikni yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, kelgusida rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер