Qishloq aholisiga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda
Foto: "Xalq soʻzi"
Andijon tumanida ikkita poliklinika zamonaviy binolarda faoliyat koʻrsata boshladi.
“Sharq yulduzi” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 3-oilaviy poliklinika binosi 1974-yilda qurilgan boʻlib, muqaddam jamoa xoʻjaligi idorasi vazifasini oʻtagan. Bino tibbiy xizmat koʻrsatishga moslashmaganligi bois xizmat koʻrsatish sifati past va bu aholining eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi.
1 milliard 200 million soʻm mablagʻ sarflanib, amalga oshirilgan taʼmirlash ishlaridan soʻng bino zamonaviy koʻrinishga ega boʻldi. Xonalar tibbiy muassasaga mos tarzda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.
— Poliklinikada bemorlarga tashxis qoʻyish va davolash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligidan gʻoyat xursandmiz, — deydi Xrabek qishlogʻida istiqomat qiluvchi Abduvahob Isroilov. —Tajribali shifokorlar zamonaviy tibbiy jihozlar yordamida kasalliklarni tezda aniqlab, zarur muolajalarni amalga oshirishmoqda. Bu albatta, davlatimiz tomonidan aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasini oshirish yoʻlidagi olib borayotgan islohotlarning amaliy natijasi, desak mubolagʻa emas. Ayniqsa, biz nuroniylar el salomatligi yoʻlida qilinayotgan bu gʻamxoʻrlikdan juda mamnunmiz.
Hozirda poliklinikada 90 nafar tibbiyot xodimi 24 ming 625 nafar aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Shuningdek, poliklinika tasarrufidagi 5 ta tibbiy punkt 8 ta mahalla ahlining salomatligini muhofaza qilish yoʻlida astoydil ish olib borishmoqda.
Tumandagi Qoratut mahallasi aholisi ham ana shunday imkoniyatdan foydalanadigan boʻlishdi. 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ evaziga amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari natijasida Oxunboboyev nomli oilaviy poliklinika barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy binoga ega boʻldi. Bu “Chem”, “Darxon” va “Asaka yoʻli” MFYlarida istiqomat qiluvchi 13 ming 700 nafar aholiga namunali tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini yaratdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring