Qishki taʼtildan keyingi oʻqish onlayn shaklda boʻladimi? — Vazirlik izohi
Soʻnggi kunlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari koʻpaygani sabab jamoatchilik oʻrtasida qishki taʼtildan keyingi oʻqish onlayn shaklda boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
«Xabaringiz bor, rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga masʼullar uchun joriy yil 10-24-yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etilishi munosabati bilan oliy va professional taʼlim muassasalari, akademik litsey talaba-oʻquvchilari uchun qishki taʼtil muddati 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytirilgan edi.
Shu oʻrinda, belgilangan tartibga koʻra, koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qiladi hamda barcha idora va tashkilotlar, shu jumladan, oliy taʼlim muassasalari ham mazkur qaror asosida ish yuritadi.
Bu borada Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qilgan taqdirda vazirlik rasmiy manbalari orqali qoʻshimcha maʼlum qilinadi.
Shu sababli barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan asoslanmagan xabarlar tarqatmasliklarini, jamoatchilikdan esa faqat rasmiy manbalar orqali eʼlon qilinadigan xabarlarga ishonishlarini soʻrab qolardik» deyiladi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring