Qishda eshigiga qulf tushadigan bogʻcha endi oʻtmishda qoldi

12:35 28 Noyabr 2024 Jamiyat
256 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Har gal qish nafasi sezilib, ayozli kunlar boshlangan kezlarda “Nurafshon” mahallasida joylashgan bogʻcha binosining eshigiga qulf tushardi. Sababi katta-yu kichikka besh qoʻlday ayon edi: atigi 40 oʻringa moʻljallangan muassasa moslashtirilgan binoda mavsumiy faoliyat koʻrsatar, qishda isitilmas, bir soʻz bilan aytganda, u zamon talabiga allaqachon javob bermay qoʻygandi.

Bu koʻngilsiz holat Shofirkon tumanidagi mazkur mahalla aholisi uchun endi oʻtmishga aylandi. Gap shundaki, 40-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi binosi qurilib foydalanishga topshirildi. 120 nafar oʻgʻil-qizni oʻz bagʻriga olish imkoniga ega muassasa zamonaviy binosining barpo etilishi uchun 3 milliard 150 million soʻm mablagʻ sarflandi. Qulay oʻquv va oʻyin xonalari, yotoqxona, oshxona, xavfsiz maydonchalar, issiqlik tizimi – bularning bari bolajonlarga risoladagidek taʼlim-tarbiya berishga zarur qulayliklar yaratadi.

Aytish joizki, bu keyingi hafta davomida tuman maktabgacha taʼlim tizimi uchun qurilib foydalanishga topshirilgan ikkinchi inshootdir. Avvalroq “Mahallaqozi” mahallasida 27-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti jamoasi ham zamonaviy qoʻsh qavatli binoda ish boshlagandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер