Qingʻir ishning qiyigʻi
Majburiy ijro byurosining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatiga chek qoʻyildi.
Byuroning Navoiy viloyat boshqarmasi hamda shahar boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tekshirishda, “Z.G” MCHJ rahbari G.Zaripov jamiyatga qarashli ohak mahsulotlari ishlab chiqarish sexida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018-yildagi 22-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 25-bandi “d” kichik bandi talablariga zid ravishda tabiiy gazdan foydalanib kelganligi aniqlandi.
Yaʼni, jamiyat sexidagi “STG” gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazishib, uning ichki mexanizmlariga tosh boʻlaklarini tashlash orqali sarflanayotgan gaz hisobini toʻxtatib qoʻyishgan.
Tadbirkorning ushbu kirdikorlar fosh qilinib, taʼminotchi korxonaning qayta hisob-kitob dalolatnomasiga koʻra, korxona manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar, yaʼni tabiiy gazni noqonuniy isteʼmol qilinganligi rasmiylashtirildi.
Jamiyat rahbariyati qilmishini tan olib, yetkazilgan 384 mln. soʻmlik zararni toʻliq qoplab berdi, shuningdek, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortildi.
“Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yildan keyin ham chiqadi”, deb shuni aytadilar. Bugungi shiddatkor zamonamizda esa qirq minut ham kifoya qilsa, ajabmas.
Temur ESHBOYEV, (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring