“Qiltomoq”ning davosi nima?

01:53 15 May 2021 Jamiyat
1447 0

“Qiltomoq” yoki qiziloʻngach oʻsmasi kasalligi haqidagi SSV Matbuot xizmatining savollarga tibbiyot fanlari doktori Olimjon Gʻulomov javob berdi.

— Kasalikka qanday tashxis qoʻyiladi?

— Avvalo, qiziloʻngach oʻsmasining turini aniqlash uchun shifokor bemorda diagnostik tekshiruvlarni oʻtkazadi. Unutmaslik lozim, har qanday bemorga qoʻyiladigan toʻgʻri tashxis chuqur tekshiruvga asoslanadi.

Shu bois, shifokor qiziloʻngachni endoskopik tekshiruvdan oʻtkazish uchun laborator tekshiruvlarni tayinlaydi. Zarur boʻlsa, biopsiya – tekshiruv uchun toʻqimaning kichik bir qismi ham olinishi mumkin.

Shuningdek, oʻsimta tarqalishini bilish uchun (boshqa toʻqimalar va organlarning ishtirok etish darajasi) qoʻshimcha tekshiruv usullari ham qoʻllaniladi. Shifokor yutishning qaysi bosqichi buzilishini aniqlagach, shunga qarab har bir bemor uchun individual tiklash muolajalarini tayinlaydi.

Jumladan, bemorga asosan nutq terapiyasi, faol yutish va chaynashning ragʻbatlantirish mashqlari, artikulyar mashqlar, faringeal mushaklarning tebranishini oʻz ichiga olgan mashgʻulotlar buyuriladi. Shu bilan birga, taomnomaga ham alohida eʼtibor berilib, suyuq va quyuq ovqatlarning mosligi belgilanadi. Mutaxassis tomonidan tayinlangan mashgʻulotlar davomiyligi bemorning holatiga qarab davom ettiriladi.

— Odamda qiziloʻngachning xavfli oʻsmasi aniqlansa, qanday davo choralari qoʻllaniladi?

— Agar kasallik tanaga butunlay tarqalib ketgan boʻlsa, u holda maxsus davolash choralari – nur yoki kimyoviy dorilar tayinlanadi.

Aytish joizki, hozirgi paytda zamonaviy tibbiyot qiziloʻngach oʻsmalarini erta aniqlab, tashxis qoʻyish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Oʻsmalarni olib tashlash maqsadida oʻtkaziladigan jarrohlik amaliyotlari ham ijobiy natija beradi. Buning uchun bemor shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilishi zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер