“Qilkoʻprik”dagi “dorbozlar“. Yoxud shoʻrchaliklar orzusi qachon ushaladi?
Bilim olish uchun mashaqqat chekish kerak, deyishadi. Aslida ham shunday. Lekin mashaqqatning qanday boʻlishi birovlarga bogʻliq boʻlsa-chi?
Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanidagi 71 — umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari orasida ham bilimli boʻlish uchun mashaqqat chekayotganlar koʻp. Gap shundaki,“ Jiydali ”QFYga qarashli Shoʻrcha qishlogʻining oʻrtasidan katta soy oʻtgan. Qishloqda 130ta xoʻjalik mavjud boʻlib , shundan 45 xoʻjalik soyning narigi tomonida joylashgan. Ana shu xoʻjalikdan 52 nafar oʻquvchi maktabga borish uchun shu soydan oʻtadi.

Qishloqni bogʻlab turuvchi koʻprikni 2012-yilning bahorida sel olib ketgan. Salkam 8 yildan buyon oʻquvchilar qoʻlbola koʻprikdan foydalanishadi. Agar yogʻingarchlik tufayli soyda suv koʻpaysa, oʻquvchi-yoshlar tugul kattalar ham koʻprikdan oʻtishga qoʻrqadi.
“Ota-onalar farzandlarini har kuni ertalab koʻprikdan oʻtkazib qoʻyishadi.Lekin suv koʻtarilgan vaqtda koʻprikdan oʻtib boʻlmaydi.Shunda oʻquvchilar maktabga bora olishmaydi. Biz koʻprikni hashar yoʻli bilan qurganmiz. Zamonaviy, baquvvat koʻprikning qurilishi hozircha orzu ” — deydi qishloq faollaridan biri Nurmurod Boymatov.
Ha, haqiqatan ham yangi koʻprik qachon qurilar ekan ?
Nahotki,qishloq odamlari va yoshlari taqdiriga daxldor ushbu masala mutassadilarni oʻylantirmayotgan boʻlsa?
Murodjon RAHMATOV,
OʻzJOKU talabasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring