Qashqadaryoda sifatsiz tamaki mahsulotlarining savdoga chiqarilishi toʻxtatib qolindi
Qarshi tumanida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini savdoga chiqarilishining oldi olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan I.E.ning “Mirmiron” MFY hududidagi xonadoni va “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi koʻzdan kechirilganda, xonadon va avtotransport vositasida xorijda ishlab chiqarilgan 18 turdagi jami 3 622 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring