Qashqadaryoda psixotrop moddalar savdogarlari qoʻlga tushdi

13:52 16 Aprel 2026 Jamiyat
229 0

Qashqadaryo viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining savdosi fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shahrisabz tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan “K.P.« MCHJ masʼul shaxslari Shahrisabz shahridagi «Yangi Kesh« bozori hududida joylashgan dorixonada inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini savdoga qoʻyganliklari aniqlanib, dorixonadan 100 dona «Benzonal” nomli va boshqa umumiy bahosi 26,8 mln soʻmlik dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shu kabi kabi yana bir holat, Departamentning Nishon tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Unga koʻra, “K.Y.« xususiy korxonasining «Baynalminal« MFY hududidagi dorixona sotuvchisi Yu.K. fuqaro B.X.ga 110 dona «Benzonal” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini retseptsiz sotganligi aniqlanib, ushbu dori vositasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) va 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер