Qashqadaryoda xalqaro ziyorat va turizm festivali oʻtkazildi

12:42 12 Fevral 2025 Jamiyat
258 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyatida naqshbandiya tariqatining buyuk ulamolari mangu qoʻnim topgan muqaddas maskanlar, ziyoratgohlar boʻylab “Naqshbandiya” ziyorat va turizm festivali oʻtkazildi.

Ikki kun davom etgan festivalda Malayziya, Indoneziya, Singapur, Hindiston, Bruney, Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan 160 nafarga yaqin din peshvolari, olim-u ulamolar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Kitob tumanining soʻlim manzillaridan biri — Xoʻjaisparoz qishlogʻida joylashgan Oqsuv ziyoratgohida boʻlishdi. Shundan soʻng tumanning Xoʻjailmkoni qishlogʻida yashab oʻtgan ulugʻ shayx, tasavvuf tariqatining benazir namoyandasi, qutublar qutubi Mavlono Abdulboqi Xojagiy Imkanagiy ibn Mavlono Darvesh Muhammad Vahshuvoriy maqbarasini ziyorat qilishdi. Ishtirokchilarga ushbu ziyoratgohlar hamda bu yerda mangu qoʻnim topgan shayxlar, ulamolar, ularning islom dini rivoji yoʻlida amalga oshirgan ishlari haqida keng maʼlumot berildi.

— Mavlono Xojagiy Imkanagiy naqshbandiya silsilasining 22-vakili boʻlib, naqshbandiya tariqatining Imkana maktabiga asos solgan, — deydi “Xoʻja Imkanagiy” ziyoratgohi rahbari Lochin Jalilov. — U kishining davrida mana shu yerda diniy, dunyoviy ilmlardan dars beriladigan 400 oʻrinli madrasa tashkil etilgan. Bu ilm dargohidan koʻplab olimlar, diniy ulamolar yetishib chiqqan.

Festival ishtirokchilari Shahrisabz shahrida joylashgan bir qator ziyoratgohlarda ham boʻlishdi. Amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер