Qashqadaryoda ichimlik suvi hisob-kitobi masofadan boshqariladi

09:47 29 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
2516 0

“Qashqadaryo suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Shahrisabz — Qarshi suv ishlab chiqarish boʻlimidan ichimlik suvi umumiy uzunligi 463 kilometr masofadagi quvurlar orqali Qarshi shahri va viloyatning bir qator tumanlariga uzatiladi.

Aholi sonining oʻsishi, yangi-yangi koʻcha va mahallalar barpo etilayotgani, koʻpqavatli turar-joylar koʻpayib borayotgani tufayli ichimlik suviga boʻlgan talab oshib bormoqda. Ammo tan olish kerak, Shahrisabz suv ishlab chiqarish boʻlimidagi inshootlarda mavjud 162 ta artezian quduqlardan 17 tasi koʻp yillar davomida ishlab kelganligi sababli suv ishlab chiqarishga yaroqsiz holga kelib qolgan. Shuningdek, hozirda ishlab turgan 145 ta quduqdan 88 tasi oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgan. Suv isteʼmolining yildan yilga oshib borayotganligi, ichimlik suvi aholi uchun birinchi darajali zaruriyat boʻlgani uchun ham bu muammolar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2018-2019-yillarda suv yigʻish inshootlari va bosh suv quvurlarini rekonstruksiya qilish loyihasi boʻyicha muddatini oʻtab, yaroqsiz holga kelib qolgan yuqori kuchlanishli elektr havo liniyalari yangilandi, 38 ta zamonaviy nasos agregatlari xamda turli quvvatli transformatorlar oʻrnatilib, texnik jihatdan qoniqarsiz ahvolga kelib qolgan 35/6 kv elektr nimstansiyasi toʻliq yangilandi.

— Natijada 11 foiz elektr energiyani iqtisod qilishga va 6 foiz ichimlik suvi ishlab chiqarishni koʻpaytirishga muvaffaq boʻldik, — deydi Shahrisabz — Qarshi suv ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi Azim Temirov. — Shuningdek, «Shahrisabz — Qarshi ichimlik suv quvurlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» loyihasi doirasida uzoq yillar davomidagi sel va toshqinlar taʼsirida daryo qirgʻoqlari yuvilib ketganligi natijasida Oqsuv, Tanxozdaryo, Qizildaryo oʻzanlarini kesib oʻtgan va osilib, uzilish holatiga kelib qolgan bosh suv quvurlari holati yaxshilandi. Suv yigʻish inshootlarida sarf etilayotgan ortiqcha reaktiv quvvatni meʼyoriga keltirish uchun kompensator qurilmalari oʻrnatish orqali yiliga 380 -390 ming Kvt-soat elektr energiya iqtisod qilinishiga erishilmoqda.

Yaqinda «Qashqadaryo suv taʼminoti» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi va unda OAV vakillari Shahrisabz — Qarshi suv ishlab chiqarish boʻlimi hamda suv yigʻish inshootlari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Dispetcherlik boʻlimi orqali ichimlik suvi hisob-kitobi masofada ishlovchi elektron suv oʻlchagichlar bilan boshqarilishi, tumanlar chegaralarida ultratovushli suv oʻlchash asbob-uskunalari oʻrnatilayotgani bilan qiziqishdi.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер