Qashqadaryoda gulkaram yarim tayyor mahsulotga aylantirilib, eksportga chiqarilmoqda
Qarshi shahridagi «Darmon farm» xususiy korxonasining Yakkabogʻ tumanidagi Italiyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan ishlab chiqarish korxonasida gulkaram yarim tayyor mahsulotga aylantirilib, asosan Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda.
— Bu mahsulotga xorijda ehtiyoj juda yuqori, — deydi «Darmon-farm» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Anzur Normurodov. — Ammo gulkaramni asl holida eksport qilishning imkoniyati yoʻq, chunki u tez ayniydigan mahsulot. Shuning uchun biz uni maxsus texnologiya yordamida yarim tayyor mahsulotga aylantiramiz. Yaʼni yuqori haroratli suvda chayib, bugʻ qozonida dimlab, keyin xolodilnikda belgilangan meʼyorda sovutamiz. Bu esa xorijlik hamkorlarimizga yarim tayyor mahsulotni chakana bozorga chiqarish uchun qulaylik yaratadi. Yana bir muhim jihat shundan iboratki, xorijlik hamkorlarimiz tomonidan yuborilgan vakil mahsulotni tayyorlash jarayonlarida bevosita ishtirok etishmoqda.
2020-yilda 1 million 250 ming yevro evaziga Italiyadan meva-sabzavotdan 4 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun tabiiy boʻtqa tayyorlashga moʻljallangan zamonaviy texnologiya olib kelib, ishga tushirilgan edi. Ayni paytda korxonada ishlab chiqarilayotgan 3 xildagi bolalar uchun moʻljallangan boʻtqa 90 grammli idishlarda «Darmon farm» yorligʻi bilan ichki bozorga chiqarilyapti hamda xorijga eksport qilinmoqda.
Korxonada 200 nafarga yaqin mahalliy yoshlar ish bilan band etilgan.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring