Qashqadaryoda eng faol direktor oʻrinbosarlari taqdirlandi

22:24 16 Aprel 2026 Jamiyat
202 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi tashabbusi bilan viloyatdagi umumtaʼlim maktablari direktorlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari oʻrtasida “Eng faol maʼnaviyatchi” tanlovi oʻtkazildi.

Maʼnaviyatchilar faoliyatini yanada rivojlantirish, har tomonlama namuna koʻrsatayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlov ikki bosqichda eng yaxshilarni saraladi.

Birinchi bosqichda har bir tuman va shahardan munosiblar aniqlandi. Bunda ular faoliyat olib borayotgan taʼlim muassasasida erishilgan yutuqlar, yuqori natijalar, bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari, maʼnaviy muhit holati kabi jihatlarga asosiy eʼtibor qaratildi.

Tanlovning viloyat bosqichida har bir tuman va shahardan saralangan bir nafardan ishtirokchi yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish boʻyicha taqdimotlarini namoyish etishadi. Taqdimot matn, surat va videorolik shaklida boʻlib, asosiysi, unda aniq amaliy takliflar, oʻziga xos ijodiy yondashuvlar, hayotda tatbiq etish imkoniyati boʻlishiga asosiy eʼtibor qaratildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Dehqonobod tumanidagi 70-maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Eshniyoz Maxsumov 1-oʻrinni egalladi. Yakkabogʻ tumanidagi 97-maktab direktori oʻrinbosari Dildora Aripova 2- va Nishon tumanidagi 6-maktab direktori oʻrinbosari Otabek Yakubov 3-oʻrinni egallashdi. Birinchi oʻrin sohibi – 3 million soʻm, 2-oʻrin – 2 million soʻm hamda 3-oʻrin – 1 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Bir nechta nominatsiyalar boʻyicha ishtirokchilarga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер