Qashqadaryoda bir qator tadbirkorlarga Jinoyat kodeksining 169-moddasi boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi
Qashqadaryo viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda qator qonunbuzarliklar fosh etildi.
Xususan, Gʻuzor tumanidagi “E.B.” fermer xoʻjaligi rahbari I.D. dala maydonidagi suv nasosini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulagan. Natijada, davlat hisobidan 149,7 million soʻmlik elektr energiyasi noqonuniy ishlatilgani maʼlum boʻldi.
Shuningdek, Qarshi tumanida “Y.M.” MCHJ rahbari M.A. gʻisht ishlab chiqarish binosida elektr hisoblagichga tashqi taʼsir koʻrsatgan holda 115,4 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Bundan tashqari, Qarshi shahri, Qamashi va Qarshi tumanlarida ham shunga oʻxshash qonunbuzarliklar qayd etildi. “A.F.” xususiy korxonasi rahbari U.M., “Oʻ.Y.” MCHJ rahbari M.T. hamda “T.H.” fermer xoʻjaligi rahbari N.T. oʻzlariga tegishli ishlab chiqarish binolari va dala maydonlarida elektr tarmoqlariga ruxsatsiz ulanib, jami 257 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishgan.
Barcha holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holatlar boʻyicha qonuniy choralar koʻrilishi taʼminlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring