Qashqadaryoda 24 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga yangi xonadonlar topshirildi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qarshi shahrida turarjoyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan 24 nafar yigit-qizga yangi xonadonlar kaliti topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi tegishli qaroriga asosan, Qashqadaryo viloyatida ham yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, shu kunga qadar viloyatda yuzga yaqin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan uyga muhtoj yoshlarning roʻyxati shakllantirilib, belgilangan tartibda uy bilan taʼminlangan edi.

Bu gal esa ularning soni yana 24 nafarga ortdi.
Kosonlik Hasan Jomirzayev ham taqdir taqozosi ila ota-onasidan erta ayrilgan edi. U singlisi va ukasi bilan birga qarindoshlari qoʻlida katta boʻldi. Davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasida, Hasan va ukalari hayotda oʻz oʻrnini topib bormoqda.

— Oʻtgan yili Prezidentimiz tomonidan ajratilgan alohida imtiyoz bilan men yurtimizdagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Toshkent davlat yuridik universitetiga, singlim Zuhra esa Qarshi davlat universitetiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindik, — deydi Hasan Jomirzayev. — Stipendiya olamiz, yotoqxonada bepul turamiz. Mana endi menga tumanimizdagi Yangi Oʻzbekiston massivida qurilgan zamonaviy uylardan ikki xonali kvartira berildi. Endi faqat yaxshi oʻqib, oʻz sohamning yetuk mutaxassisi boʻlishga va va bizga shu darajada gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan Prezidentimizning ishonchlarini oqlashga harakat qilaman.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring