Qashqadaryo viloyati toʻqimachilik sohasini rivojlantirish masalalari Germaniya ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi
Qarshi shahrida Germaniyaning Oʻzbekiston bilan sanoat va iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha vakili Silviya Yungbauer hamda xalqaro ekspert Sven Eriskat ishtirokida Qashqadaryo viloyati toʻqimachilik sohasining bugungi holati, taraqqiyot surʼatlari va istiqbollariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda xorijlik mehmonlar viloyatda ip-kalava, toʻqimachilik hamda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyati, mavjud imkoniyatlar va eksport yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishdilar.
— Germaniya va Oʻzbekiston toʻqimachilik hamda tikuv-trikotaj korxonalari oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan loyihani izchil amalga oshirib kelyapmiz, — deydi Silviya Yungbauer. — Loyiha doirasida mahalliy tadbirkorlarga Yevropa standartlariga mos mahsulotlar tayyorlash, zarur sertifikatlarni olishda amaliy yordam koʻrsatish vazifalari belgilangan. Dastlabki pilot hudud sifatida Fargʻona vodiysi tanlangan edi, navbatdagi tajriba hududi esa Qashqadaryo viloyati boʻldi.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda Qashqadaryo viloyatida 20 ta toʻqimachilik korxonasi faoliyat yuritmoqda. 2025-yil yakuniga koʻra, ushbu korxonalar tomonidan 250 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar Rossiya, Xitoy, Pokiston, Italiya va Turkiya kabi davlatlarga eksport qilingan. 2026-yilda esa eksport hajmini yanada oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
— Toʻqimachilik sohasi viloyat sanoatining eng istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanadi, — deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Mirzohid Samarov. — Sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni xalqaro standartlarga muvofiq mahsulot ishlab chiqarishga yoʻnaltirish, sertifikatlash jarayonlarida yaqindan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqilgan. Bugungi muloqot tadbirkorlar uchun Yevropa bozorlariga chiqish, ilgʻor talablarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarish borasida muhim amaliy maʼlumotlar berdi. Bu yoʻnalishdagi hamkorlik kelgusida ham davom ettiriladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring