Qarzingizdan qachon qutulasiz, mahalladosh?
Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi ishlar koʻlami tobora kengayib bormoqda. Buning natijasida hatto 20-30 yildan buyon “obi hayot” yetib bormagan hududlarga ham suv keltirilib, yurtdoshlarimiz turmush sharoiti yaxshilanishiga erishilmoqda.
“Andijon viloyati suv taʼminoti” MCHJ tomonidan Andijon viloyatining 2,5 million aholisiga sifatli xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Yurtdoshlarimizning toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash doirasida bir oyda 6,7 mln. metr kub miqdorida suv ishlab chiqariladi. Buning uchun korxona tomonidan 3 milliard 8 million soʻm miqdorida xarajat talab etiladi. Shuncha miqdordagi mablagʻ evaziga isteʼmolchiga yetkazib berilgan suv uchun fuqarolardan toʻlanadigan toʻlov qiymati bir oyda 4 milliard soʻm boʻlishi kerak boʻlgani holda afsuski, koʻrsatkichlar qoniqarli emas.
Andijon viloyati hududlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida soʻngi 3 yil davomida 2400 km.dan ortiq ichimlik suv tarmoqlari,
13 ta ichimlik suv inshootlari va 441 ta suv quduqlarini qurish hamda taʼmirlash ishlari amalga oshirilganligi, shuningdek, yangi turar joylar, koʻp qavatli binolar, ishlab chiqarish korxonalari va sanoat zonalari barpo etilishi natijasida ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojning ortishiga va yillik 104, mln. metr kub yoki 20 mln. metr kubga koʻproq suv ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish talab etilmoqda. Bu esa oʻz navbatida, ichimlik suvi ishlab chiqarishdagi zaruriy xarajatlarni avvalgi yillarga nisbatan ortishiga olib kelmoqda. Bularning barchasi isteʼmolchilar tomonidan toʻlanadigan toʻlovlar hisobiga amalga oshirilishini nazarda tutsak masala nechogʻli jiddiy ekanligiga guvoh boʻlamiz.
Respublikamizda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash sifatini oshirish borasidagi ishlar koʻlami tobora ortmoqda. Bu borada bajarilishi kerak boʻlgan eng muhim ishlar shu yilning 17-iyul kuni davlatimiz rahbari boshchiligida boʻlib oʻtgan videoselektorda ham belgilab berildi. Qolaversa, Andijon viloyati hokimligi koʻrsatmasiga binoan aholidan foydalanilgan ichimlik va oqova suv uchun toʻlovlarni undirish mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari zimmasiga yuklatildi. Joriy etilgan yangicha uslub qanday natija berdi? Afsuski, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari tomonidan bu borada jiddiy yondashuv kuzatilmadi.
Misol uchun, Andijon shahridagi “Sogʻlom avlod” MFYni olaylik. Ushbu hududda “Andijon viloyati suv taʼminoti” MCHJ tomonidan aholiga bir oyda 25 million 700 ming soʻm miqdorida xizmat koʻrsatilgani holda shu yilning avgust oyi hisobiga 12 million 400 ming soʻm toʻlov amalga oshirilgan. Mahallaning toza ichimlik va oqava suvdan boʻlgan qarzdorligi 443 million 800 ming soʻm ekanligini hisobga oladigan boʻlsak, shu kungacha boʻlgan qarzdorlikni toʻlash uchun 2 yildan ortiq vaqt sarflanishi darkor. Bu ikki yil ichida foydalanilgan xizmat uchun qarzdorlik koʻlami yana ortishini inobatga oladigan boʻlsak qarzdorlik qachon tugaydi? 2857 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 5072 nafar aholining qarzdorligi shu qadar yuksak toqqa aylanguniga qadar yuzaga kelgan vaziyatda kimni ayblash darkor?
— Hududimizga ichimlik suvi masalasida 24 soat davomida xizmat koʻrsatiladi, — deydi MFY raisi Qutbiniso Hasanova. — Aholining bu borada shikoyati yoʻq. Shu bois toʻlovlar ham avvallari yaxshi edi. Keyingi paytlarda fuqarolarimiz pandemiyani sabab qilib, foydalanilgan ichimlik va oqava suv uchun toʻlovni amalga oshirmay qoʻydilar.
3712 nafar aholini oʻzida mujassam etgan “Shoʻrbuloq” mahalla fuqarolar yigʻinida aholining toza ichimlik suvidan muammosi yoʻq. Aslini olganda taʼminot uchun biroz noqulay hududda joylashgan mahallaga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilmoqda. Shunday boʻlishiga qaramay mahalla ahlining suvdan boʻlgan qarzdorligi 168 million soʻmdan ortib ketgan. Afsuski, mahalladoshlarning suvdan qancha qarzdorligi borligini mahalla raisning oʻzi ham bilmaydi.
“Islomobod” MFYda istiqomat qiluvchi aholining ichimlik va oqava suvdan boʻlgan qarzdorligi 246 million 900 ming soʻmni tashkil etadi. Biroq, aholi tomonidan shu yilning avgust oyida toʻlangan toʻlovlar qiymati atigi 14 million soʻmni tashkil etmoqda, xolos.
— Mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining ishi juda koʻp, -deydi MFY raisi Tojiddin Abdusamatov. — Qay biriga ulgurishni ham bilmayapmiz. Shunday boʻlsa-da, vaqt topib, eshikma-eshik yurib, fuqarolardan toza ichimlik suvi uchun toʻlovlarni amalga oshiryapmiz. Biroq, yigʻilgan pul hududimizga koʻrsatilgan xizmat xarajatini ham qoplamaydi. Shuning uchun toʻlovlarni undirish uchun alohida xodim biriktirilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mahallamizga, uyimizga oqib kelayotgan suvning uzluksizligini taʼminlash, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish eng avvalo, foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishga bogʻliq. Biz toʻlayotgan toʻlovlar bizga koʻrsatilayotgan xizmat samaradorligini oshirib, ijtimoiy holatimizni yaxshilashga yoʻnaltirilishini anglab yetmogʻimiz kerak.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring