Qarzdorlik oqibati

11:31 31 Mart 2023 Jamiyat
668 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Qarzdorlik shunday illatki, uning domiga tushmoq barbod boʻlmoq, demakdir. Oʻz vaqtida xalos boʻlish esa yagona chora hisoblanadi. Zero, qarz qarzni chaqiradi, deb bejiz aytishmagan. Miqdor qancha ortsa, uning salbiy oqibatlari ham shuncha ortaveradi. Afsuski, buni bila turib, tegishli chora koʻrmaydigan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday hollar yuridik shaxslar tomonidan yuzaga kelganda zarar koʻlami atrofdagilarga ham ziyon yetkazayotganligi achinarlidir. Ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari tomonidan qarzdorlikni soʻndirish maqsadida koʻrilayotgan choralar uning ishlab chiqarish koʻlamiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi jamoadagi ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Biroq, qonun barchaga barobar! Shunday ekan, bu kabi tashvishlarga yoʻliqmaslikning eng maqbul uslubi qarzdor boʻlmaslikdir. Majburiy ijro byurosining Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan esa ana shunday hodisalarning ijobiy yechimini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Misol uchun, Asaka tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatida qarzdor “Andijon broyler” fermer xoʻjaligidan “Andijon viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga 433 717 352 soʻm asosiy qarz va 3 407 181 soʻm penya undirilishi koʻrsatilgan boʻlib, uni soʻndirish uchun ushbu fermer xoʻjaligiga tegishli transformator xatlanib, baholash uchun tegishli muassasaga yuborildi. Qarzdor fermer xoʻjaligining foydalanilgan elektr energiyasidan boʻlgan qarzdorlikni oʻz vaqtida toʻlamaganligi shu kabi oqibatga sabab boʻldi. Endi transformator sotuvidan tushgan mablagʻ elektr qarzini bartaraf etish uchun yoʻnaltiriladi.

Andijon tumanida faoliyat yurituvchi “Eco tree tour”, “Barqaror savdo barakasi”, “National logistics AAA” va “HAN logistics 701” MCHJlari ham oʻz faoliyatini rivojlantirish maqsadida “Ipotekabank” ATIBdan jami 2,9 mlrd soʻm kredit mablagʻi olgan boʻlsalarda, uni oʻz vaqtida qaytarish chorasini koʻrmaganlar. Bu vaqti kelib boshlangʻich bahosi 521 mln soʻm boʻlgan “SHACMAN” hamda bahosi 519 mln soʻmlik “SHAANXI” rusumli avtotransport vositalarining xatlanishiga sabab boʻldi. Vaholanki, byuro xodimlari qarzdor jamiyat vakillarini qarzdorlik bartaraf etilmasa, xatlangan mol-mulklarning elektron onlayn-auksion savdosida sotilishi yuzasidan ogohlantirganlar.

— Bu kabi holat Asaka tumanidagi “Sapfir-2001” qurilish ishlab chiqarish va savdo firmasida ham kuzatildi, — deydi Majburiy ijro byurosining Andijon viloyat boshqarmasi xodimi Oyistaxon Abdurahmonova. — U “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat bankidan 2 mlrd 10 mlndan ziyod kredit mablagʻiga ega boʻldiyu, qarzdorlik soʻndirishda “ishlari yurishmay qoldi”. Ijro harakatlari davomida kredit shartnomasiga asosan garovga qoʻyilgan, qiymati 3 mlrd soʻm boʻlgan asfalt-beton ishlab chiqarish sexining bino va inshootlari xatlanib, “e-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilishiga toʻgʻri keldi. Shundan soʻng, qarzdordan 2 mlrd 10 mln 787 ming 864 soʻm miqdordagi kredit qarzdorligi toʻliq undirilishi va ijro hujjatining amalda tamomlanishiga erishildi. Afsuski, bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.

Qarzdorlik bilan bogʻliq munosabatlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarish koʻlamini oshirish, yangi ish oʻrinlari barpo etish orqali aholi daromadini shakllantirish borasida barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bundan unumli foydalanib kelayotgan ishbilarmonlar nafaqat, korxonasi, balki, respublikamiz iqtisodiyotiga ham munosib hissa qoʻshmoqdalar. Biroq, oʻz imkoniyatini hisobga olmagan holda bankdan moliyaviy koʻmak oluvchi korxonalar ham uchrab turibdiki, buning oqibati qanday sabablarga olib kelishi yuqoridagi misollarda oʻz aksini topdi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер