Qarz evaziga suv ichayotganlar
Foto: Xalq so‘zi
Respublikamizda, xususan, Andijon viloyatida toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash ishlari koʻlami yildan-yilga ortib bormoqda. Istiqbolli loyihalarni amalga oshirish esa bir jihatdan isteʼmolchilar tomonidan toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishiga ham uzviy bogʻliq. Afsuski, bu borada ijobiy fikr bildirishdan yiroqmiz. Sababi, viloyatda isteʼmolchilarning ichimlik suvidan boʻlgan qarzdorligi bugunga kelib 53 mlrd. 445 mln. soʻmga yetdi. “Andijon suv taʼminoti” MCHJ tomonidan aholiga bir oyda 7,5 mlrd soʻm miqdorida xizmat koʻrsatilayotgani holda isteʼmolchilarning bir oylik toʻlovi 6 mlrd. soʻmni tashkil etayotgani achinarli, albatta.
“Andijon suv taʼminoti”da yuzaga kelgan bu muammoning ijobiy yechimini taʼminlash, aholi oʻrtasida toza ichimlik suvidan oʻrinli va maqsadli foydalanish, toʻlov madaniyatini shakllantirish maqsadida 10 ta ishchi guruhi tashkillashtirildi. Hozirda guruh vakillari Andijon shahridagi korxona va tashkilotlarda boʻlib, xatlovni amalga oshirish, qarzdorlikni soʻndirish va bu borada tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
— Andijon shahridagi mavjud yuridik shaxslar faoliyatini oʻrganish davomida guvohi boʻldikki, korxona-tashkilotlarning foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmaganliklari bois debitor qarzdorliklari 1 mlrd. soʻmdan oshgan, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ rahbari oʻrinbosari Dilshodbek Qoʻldoshev. -Shu kungacha 10 ta guruh tomonidan 761 ta korxona-tashkilotda oʻrganish olib borilib, 9 ta holatda suv quvuriga noqonuniy ulanish, 31 ta holatda ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Natijada 28 ta tashkilot tarmoqdan uzib qoʻyilgan boʻlsa, 123 tasiga toʻlovlarni amalga oshirishi yuzasidan ogohlantirish berildi. Isteʼmolchilik majburiyatiga amal qilgan 22 ta tashkilot masʼullari tomonidan 67 mln. soʻmlik toʻlov amalga oshirilishiga erishildi.
Bu kabi salbiy holatlar aholi oʻrtasida ham kuzatilmoqda. Birgina misol. Andijon tumanidagi “Oʻrikzor” MFYda 11 ming 200 nafar aholi istiqomat qiladi. Isteʼmolchilarga oʻz vaqtida ichimlik suvini yetkazib berish uchun “Andijon suv taʼminoti” MCHJ tomonidan bir oyda aynan shu mahallaning oʻziga 20 mln. soʻmlik mablagʻ sarflangani holda aholining oylik toʻlovi oshsa oshyaptiki, kamaygani yoʻq. Boshqacha aytganda, oʻrikzorliklar suvni qarz hisobiga ichmoqdalar. Natijada ularning qarzdorligi jami 213 mln. soʻmga yetdi.
— Shukr qilish kerak, — deydi shu mahallada yashovchi Shukurillo Rahmonov. — Mahallamiz yuz foiz suvlashgan. Oqar suv boʻlmagani bois tomorqani ham ichimlik suvida sugʻoradigan qoʻshnilarimiz bor. Bir kun suv nasosi kuyib qolib, taʼminotda uzilish yuzaga kelgandi, ayrim mahalladoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilib, goʻyoki suvsizlikdan qiynalayotgandek vahima koʻtarishdi. Vaholanki, bu paytda maxsus suv tashuvchi transport vositalarida har bir xonadonga ichimlik suvi tarqatilgandi. Toʻlov masalasiga kelganida esa hech kimni uyidan topib boʻlmaydi. Hammaning darvozasi qulflangan boʻladi. Qachongacha shu ahvolda yurmoqchimiz? Bu bilan qarzdan qutulib boʻlmaydiku?.. Suv taʼminotchilariga rahmat, mahallaning shuncha qarzi bor ekan, demay, suv yetkazib berishda davom etyapti. Aslida taʼminotchi va isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnomada qarzdorlik holati yuzaga kelganida isteʼmolchi tarmoqdan uzib qoʻyilishi uqtirib oʻtilgan. Shuning uchun ham men mahalladoshlarimni insofga chaqiraman.
Xulosa oʻrnida oʻrnida aytish mumkinki, taʼminotchi bor imkoniyatni ishga solib boʻlsada, sifatli xizmat koʻrsatishda davom etayotgan bir paytda isteʼmolchi oʻz majburiyatini nega bajarishdan qochadi? Dunyoda oʻz xalqiga toza ichimlik suvi yetkazib bera olmayotgan davlatlar qancha?!
Savollar koʻp. Javobni esa suhbatdoshimiz Shukurillo Rahmonov urgʻu berganidek, isteʼmolchilar INSOFidan izlamoq kerakdir balki.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring