Qarshi tumanidagi barcha tashkilotlarning oʻz bogʻi boʻladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qarshi tuman hokimligi tashabbusi bilan hududdagi barcha tashkilotlar, ijtimoiy soha obyektlari va mahallalarda “Korxona va tashkilot, mahalla bogʻlari” tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Shunga koʻra, ish avvalo “Hokimlik bogʻi”dan boshlandi. Hudud obodonlashtirilib, bogʻga 4 dona dup, 8 dona kashtan, 32 dona majnuntut, 11 dona koʻk sarv va 24 dona ixcham tuya kabi manzarali daraxtlar landshaft dizayni asosida ekildi. Shuningdek, tumandagi 60 ta tashkilot hamda 58 ta mahallaning har birida oʻz bogʻlari tashkil etilib, ularga ayni vaqtga qadar umumiy hisobda 60 ming donadan ortiq daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Xususan, tumandagi 12-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida katta hashar uyushtirilib, “Maktab bogʻi”ga 1310 tup manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi. Prezidentimiz 24-25-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida mazkur maktabni ham borib koʻrgan va muassasa hududini obodonlashtirish ishlariga eʼtibor qaratilishi kerakligi haqida toʻxtalib oʻtgan edi.

Maʼlumoti oʻrnida: “Yashil makon” umummilliy loyihasining bu yilgi kuzgi daraxt ekish mavsumi davomida Qashqadaryo viloyatida 6 million 942 ming dona koʻchat ekilishi reja qilingan edi. Shuning qariyb 500 ming tupi Qarshi tumanida ekiladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring