Qarshi tumanida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan makaron ishlab chiqarish sexi ochildi

12:04 26 Noyabr 2023 Jamiyat
341 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Maʼlumki, Yevropa Ittifoqi dunyoning koʻplab hududlarida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashishini taʼminlashga qaratilgan qator innovatsion loyihalarni moliyalashtirib kelmoqda.

Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti ham Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorligidagi “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv oʻtishini qoʻllab-quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)“ loyihasi doirasida umumiy miqdori 1,3 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 3 ta grantini qoʻlga kiritgan edi.

— Bu uchala loyiha ham mamlakatimiz agrar tarmogʻi uchun muhim ahamiyatga ega, — deydi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Gʻulomjon Uzoqov. — Misol uchun, bugungi kunda bizda yetishtirilgan mahalliy bugʻdoy navlaridan makaron ishlab chiqarishda foydalanib boʻlmaydi. Shu bois, makaron sanoati uchun xomashyoni xorijdan import qilamiz. Institutimiz tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan loyihalardan biri esa aynan makaron sanoati uchun mos boʻlgan qattiq bugʻdoyning “Nasaf” va “Zilol” navlarini mamlakatimiz iqlim sharoitiga moslashtirgan holda yetishtirish va olingan hosilni shu yerning oʻzida chuqur qayta ishlashni yoʻlga qoʻyishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladi.

Shuningdek, institut tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning yana biri pistaning yuqori hosildor navlarini in vitro sharoitida mikroklonal koʻpaytirish texnologiyasini joriy etishga qaratilgan boʻlsa, uchinchi loyiha suv bilan kam taʼminlangan, qurgʻoqchil mintaqalar uchun bahorgi bugʻdoyni innovatsion joriy qilish va urugʻchiligini tashkil etishdan iborat.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va BMT taraqqiyot dasturi vakillari Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida boʻlib, ushbu loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shuningdek, loyiha doirasida Qarshi tumanining Qovchin qishlogʻida qurib bitkazilgan, kuniga bir tonna makaron ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan yangi sexning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер