Qarshi shahrida shveysariyalik kardiojarrohlar ilk noyob amaliyotni o‘tkazishdi
Foto: “Xalq so‘zi”
Yaqinda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida yurakning murakkab ritm buzilishlarida elektrofiziologik tekshiruv va radiochastotali ablatsiya o‘tkazish uchun stansiya o‘rnatilgan edi. Mazkur stansiya orqali dastlabki amaliyotlar shveysariyalik elektrofiziolog Breytenshteyn bilan birgalikda bajarildi. Natijada 8 nafar bemor o‘zini uzoq yillardan beri qiynab kelgan og‘ir dard – taxikardiyadan xalos bo‘ldi.
Shu bilan bir qatorda Shveysariyaning Syurix universiteti shifoxonasidan kelgan kardiojarroh, professor Teri Karril, kardiojarroh Yuri Sromiski bilan hamkorlikda ochiq turdagi murakkab 10 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Jumladan, “yurak tug‘ma nuqsoni, ochiq arterial yo‘lak (Batallov yo‘li – 2 santimetr)” tashxisli bemorning o‘pka arteriyasi bosimi juda yuqori bo‘lganligi sababli bir qancha shifoxonalardagi mutaxassislar jarrohlik amaliyotini amalga oshirishga jazm qila olishmagan edi. Filial mutaxassislari xorijlik hamkasblari bilan birga bu operatsiyani muvaffaqiyat bilan ado etishdi.
-Prezidentimizning aholi salomatligini muhofaza qilish, jumladan, kardiologiya sohasini rivojlantirishga qaratayotgan alohida eʼtibori yangi yutuqlarga zamin yaratmoqda, - deydi filial direktori, tibbiyot fanlari doktori Nabijon Yo‘ldoshev. – birgina joriy yilning o‘zida xorijlik kardiojarrohlar bilan hamkorlikda 20 ta mahorat darsi shaklidagi texnologiyali amaliyotlar 200 ga yaqin bemorda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Faxriddin Bozorov,“Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring