Qarshi shahrida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ochildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qarshi shahrida “Neft va gaz sanoati, elektr energetikasi, kimyo va charm-poyabzal sanoati” hududiy tarmoqlararo yarmarkasi ochildi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-maydagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan yarmarkada neft va gaz sanoati, elektr-energetikasi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, toʻqimachilik, elektrotexnika va farmatsevtika sanoati korxonalari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Shu bilan bir qatorda, viloyatda faoliyat yuritayotgan korxonalar ham isteʼmolchilarga yangi mahsulotlarini namoyish etishmoqda va ishlab chiqarish istiqbollari haqida batafsil maʼlumotlar berishmoqda. Misol uchun, Qarshi shahridagi “UzShoes“ MCHJ qoʻshma korxonasi belaruslik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 500 ming juft poyabzal ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirgan.

— Ayni vaqtda korxonamizda Germaniya, Italiya va Avstriya davlatlarining texnologiyalari asosida turli oʻlcham va dizayndagi poyabzallar tayyorlanmoqda, deydi qoʻshma korxona rahbari Dilshod Muftillayev. – Yarmarkada oʻz mahsulotlarimizni namoyish etyapmiz. Bu kabi tadbirlar bizning boshqa korxonalar bilan oʻzaro tajriba almashish, yangi hamkorlar topishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Muratjon Azimov soʻzga chiqib, yarmarkaning sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdagi ahamiyatlari haqida toʻxtalib oʻtdi.
Yarmarka ertaga ham davom etadi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring