Qashqadaryoda haydovchilar uchun antiqa reyd o‘tkazildi
Foto: “Xalq so‘zi”
Qarshi shahri yo‘llarida YPX xodimlari avtomobillarga to‘xtash ishorasini qilib, yo‘l chetini ko‘rsatganda aksariyat haydovchilar shoshib qolishdi. Harakatlanishda xatoga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsalar, tezlikni ham oshirmaganlar, u holda nega to‘xtatilmoqda? Ammo ularga YPX xodimi “chest” berib, “Hurmatli haydovchi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasdiqlangan kun muborak bo‘lsin! Oq yo‘l tilaymiz!” deya tabassum bilan bayroqcha uzatganida, barcha haydovchi ko‘ksida cheksiz bir iftixor hissini tuygani aniq.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi va viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida tashkil qilingan ushbu tadbirda yo‘l harakati ishtirokchilariga shu tariqa bayramona sovg‘a ulashildi.
– Shu kuni biz o‘nlab haydovchilar yuzidagi quvonchni ko‘rib, dilimiz yayrab ketdi, - deydi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova. – Hatto bayroqchani olib, ko‘zlari yoshlangan haydovchilarni ham ko‘rdim. Albatta, bu quvonch yoshlari edi. Nazarimda, biz o‘tkazgan bu antiqa reydni odamlarimiz uzoq vaqtgacha unutmasalar kerak.
Faxriddin Bozorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring