Qaniydi birorta oilaga ham darz yetmasa — Gulnoz Jalilova
Foto: “Xalq soʻzi”
Oila murakkab xilqat. Jamiyatning ushbu eng qoʻyi boʻgʻinida ziddiyatlar barcha davr va barcha mamlakatlarda uchrab turadi. Qolaversa, u bilan bogʻliq muammolarni yechishning yagona yoʻli ham mavjud emas. Biroq oilaning buzilishiga yoʻl qoʻymagan har qanday tadbir eʼtiborga molik.
Navoiy viloyatining Karmana tumanida har haftaning jumasi “Oilaviy ajrimlarni oldini olish va nizoli oilalar bilan ishlash kuni” etib belgilangan. Shu kuni tuman Oila va xotin-qizlar boʻlimi fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudi, mahalla faollari hamda otinoyilar va boy hayotiy tajribaga ega nuroniylar ishtirokida nizoli, ajrim yoqasidagi oilalar bilan suhbat va yakka tartibdagi muhokamalar oʻtkaziladi.
— Bu kabi tadbirlarda eng avvalo oiladagi ijtimoiy muhit, nizoli holatning omillariga eʼtibor qaratib, ularni bartaraf etish masalasida bir qarorga kelamiz, – deydi tuman Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Gulnoz Jalilova. — Har birida oiladagi muhitdan kelib chiqib, alohida tavsiyalar va maslahatlar berib, nikohni saqlab qolish choralarini belgilaymiz. Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, aksariyat holatlarda oilaviy nizolar oilaviy masalalarga uchinchi shaxsning aralashuvi, quda tomonlarning “men sendan kammanmi?» qabilida ish tutishi, roʻzgʻordagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli kelib chiqadi. Yil boshidan buyon oʻtkazilgan tadbirlar samarasiga toʻxtalsak, muhokama tufayli nizoli oilalarning 25 foizga yaqinini yarashtirishga erishdik. Bu juda kam Qaniydi, birorta oilaga ham darz yetmasa.
“Oilaviy ajrimlarni oldini olish va nizoli oilalar bilan ishlash kuni”ning navbatdagi tadbiri tumanning Mirsaid Bahrom MFYda oʻtkazildi.
Muhokamalarga 11ta ajrim yoqasidagi nizoli oilalarning aʼzolari taklif etilib, shu yerning oʻzida 4 ta oilaning yarashtirilishiga erishildi. Tadbir davomida oilalarga “Farzand omonat” filmi namoyish etildi.
Chindanam oila muqaddas dargoh. Oʻtkazilayotgan ushbu tadbir tufayli loaqal bittagina oila mustahkamlansa, qolganlari undan ibrat oladi. Ana shunda tadbirlarning ijobiy samarasi seziladi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring