Qamchibek Tashiyev Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi lavozimidan ozod etildi

16:12 10 Fevral 2026 Dunyo
471 0

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarovning farmoni bilan Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyevning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.

Qamchibek Tashiyev 2020-yil 16-oktyabrda Qirgʻiziston MXDQ raisi etib tayinlangan edi. Ushbu qaror 2020-yil 5-6-oktyabr voqealaridan soʻng, oʻsha paytda prezident vazifasini bajaruvchi boʻlgan Sadir Japarov tomonidan imzolangan.

Soʻnggi paytlarda siyosiy doiralarda Qamchibek Tashiyevning navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq u prezidentlik poygasida qatnashmasligini va Sadir Japarovni qoʻllab-quvvatlashda davom etishini ochiq aytdi.

Maʼlum qilinishicha, Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ) raisi vazifasini vaqtincha Jumgalbek Shabdanbekov bajaradi.

Aytish joiz, Tashiyev va Japarov oʻrtasidagi siyosiy hamkorlik mamlakatdagi eng barqaror va taʼsirli ittifoqlardan biri sifatida baholanadi. Ularning hamkorligi hokimiyatga kelishdan ancha oldin — 2010-yillardayoq boshlangan, 2012-yildagi umumiy jinoiy ish esa bu aloqani yanada mustahkamlagan.

2020-yil oktyabr voqealaridan keyin mazkur tandem toʻliq shakllandi: Sadir Japarov prezident boʻldi, Qamchibek Tashiyev esa MXDQga rahbar etib tayinlanib, kuch tuzilmalaridagi asosiy tayanch shaxsga aylandi. Shundan beri u eng rezonansli ishlarga rahbarlik qildi va amalda prezident jamoasining eng yaqin va ishonchli vakili sifatida qaraldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер