Qalblarni ochgan qardoshlik

16:55 10 Aprel 2026 Jamiyat
399 0

Qadimdan bir daryodan suv ichgan, urf-odatlari, bozori-yu mozori bir boʻlgan oʻzbek va tojik xalqlari azaliy qardosh ellardir. Bu ikki xalqning oʻyi ham, toʻyi ham bir, dasturxoni, oshi, hatto hovlisigacha oʻxshash. Qardoshlar oʻrtasiga bir paytlar tushgan sovuqchilik sabab chegaralar yopilib, qarindoshlar bir-birini koʻra olmagan ogʻir davrlarni ham koʻrdik. Bugun esa vaziyat mutlaqo oʻzgardi. Chegaralar ochildi, bordi-keldi tiklandi, quda-andachilik qayta jonlandi. Eng muhimi, oddiy insonlar qalbidagi sogʻinch oʻrnini yana mehr va ishonch egalladi.

Ana shunday iliq muhitda ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash yoʻlida amaliy qadamlar tashlanmoqda. Ayniqsa, madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Buning yorqin namunasi sifatida Tojikiston Respublikasi Sugʻd viloyati “Nuri niyogon” shashmaqom ansambli rahbari Shuhratjon Nabiyevning Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangani, shuningdek, Oʻzbekistondagi tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhanovaning Tojikiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeniga sazovor boʻlgani ikki xalq oʻrtasidagi samimiy munosabat va yuksak eʼtirofning amaliy ifodasidir.

Mehr va ishonchga qurilgan doʻstlik

Gulandom SUBHONOVA,

Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi, Tojikiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni sohibi:

— Oʻzbek va tojik yaqin qoʻshnigina emas, qon-qardosh, qalban yaqin ellarmiz. Bir-birimizning tilimizni tushunib, dilimizni his qilib yashaymiz. Shu bois, bu doʻstlik oddiy munosabatdan yuksak, ajdodlardan meros boʻlib kelayotgan muqaddas qadriyat. Bugungi tinch va farovon hayotimizga qarab, qalbim shukronalikka toʻladi. Yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari bir oila boʻlib, ahil-inoq yashayapti. Shu yurtda tojik millati ham dorilomon hayot kechiryapti, farzandlarimiz bilim olyapti, orzu-maqsadlari sari ishonch bilan intilyapti.

Yaqinda poytaxtimizning goʻzal maskanlaridan birida Tojikistonning Toshkent shahridagi yangi elchixona binosining ochilish marosimida ishtirok etdim. Bu binoda tojikona nafosat, milliy ruh juda chiroyli aks etgan. Uni faqat rasmiy idora, diplomatlar markazi deb emas, balki Oʻzbekistonda yashayotgan tojiklar uchun Vatanning bir boʻlagi, deb his qildim. Shu qutlugʻ maskanda ikki davlat rahbarlari — Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon bilan uchrashib, yurtimizda yaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun minnatdorchiligimni bildirdim.

Bugun Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. Buni har birimiz oʻz hayotimizda his qilib turibmiz. Davlatimiz rahbarining “qoʻshnilar bilan hamkorlikda rivojlanish” degan ezgu gʻoyasi bugun oʻz samarasini beryapti. 2018-yildagi tarixiy tashrifdan soʻng, xalqlarimiz qalbi yanada yaqinlashdi. Oʻsha paytlarda buni “asr orzusi” deb atashgani bejiz emas edi. Chindan ham ayni paytda qardoshlik rishtalari mustahkam. Muhtaram Prezidentlarning tarixiy uchrashuvlarida azim kentimiz Yangi Toshkentdagi koʻchalardan biriga Dushanbe nomi berilishi ikki qavm-u qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi samimiy hurmat, ishonch va abadiy doʻstlikning yorqin ramzi sifatida qalblarimizdan joy oldi.

Barcha sohalar qatori iqtisodiyotda, madaniyatda, ilm-fanda aloqalarimiz kengaymoqda. Bizning markazimizda amalga oshirilayotgan “Soʻz ifora” loyihasi orqali ikki xalq ijodkorlarining asarlari chop etilib, kitobxonlarga yetkazilmoqda. Bu ham qalblarni yaqinlashtiruvchi koʻpriklardan biri.

Tarixga nazar tashlasak, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy doʻstligi, keyingi davrlarda Gʻafur Gʻulom va Mirzo Tursunzoda, Zulfiya va Mirshakar, Sherali Loyiq bilan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi ulugʻ ijodkorlar oʻrtasidagi samimiy aloqalar bugungi doʻstligimizga mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilgan.

Shu kunlardagi quvonchim yana bir necha barobar oshdi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganim men uchun katta sharaf. Mukofotni faqat shaxsiy yutuq deb emas, balki Oʻzbekistonda yashayotgan barcha tojiklar, butun qardosh xalqimizning eʼtirofi, deb qabul qilaman.

Mana shunday farahbaxsh kunlarni koʻrib ona sifatida, ayol sifatida qalbimdan ikki yurt oʻrtasidagi doʻstlik abadiy boʻlsin, farzandlarimiz tinchlikda, ahillikda yashasin, degan ezgu tuygʻular kechdi. Qalblar yaqinligi hech qachon uzilmasin. Shu ezgu yoʻlda biz ham bor mehrimiz, bor kuchimiz bilan xizmat qilaveramiz.

Ohanglarida yangragan doʻstlik sadosi

Shuhratjon NABIYEV,

Tojikiston Respublikasi Sugʻd viloyati “Nuri niyogon” shashmaqom ansambli rahbari, Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni sohibi:

«Az qadim oʻzbeg-u tojik – et bilan tirnoq erur,

Qon-qarindoshlik shiorash qoʻlida bayroq erur.»

Tojikistonlik nuktadon shoir Oʻlmas Jamol bu misralarda ikki xalqning azaliy yaqinligini juda teran ifoda etgan. Et bilan tirnoqni ajratib boʻlmaganidek, oʻzbek va tojik xalqlarimiz ham bir-biriga saodatmand davrlarda ham, sinovli kunlarida ham yelkadosh boʻlib yashab kelgan. Bu qon-qonimizga singib ketgan azaliy haqiqat uzoq oʻtmishimizdan, to bugungi kunimizgacha ham yaqqol sezilib turadi.

Avvalo, soʻzim boshida samimiy minnatdorchiligimni mamlakatimiz rahbari Emomali Rahmon janoblariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga izhor etaman. Kamtarona mehnatlarimga eʼtibor qaratib, birodar xalq Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanishim men uchun yuksak sharaf va katta ishonchdir. Mukofotni qalbimga yaqin olib, uni xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikka berilgan yuksak baho, deb qabul qildim.

Sanʼatda eʼzozlangan mendek bir ijodkor uchun tojik va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik abadiy qadriyatdir. Shashmaqom sanʼati — ikki xalqning mushtarak ruhi, mushtarak dardi va mushtarak quvonchi. Uning ohangi bir, ruhi bir. Faqat goʻzal gʻazallar tili goh tojikcha, goh oʻzbekcha jaranglaydi, xolos. Aslida esa bu musiqa bitta yurakning urishidir.

Azaldan xalqlarimiz bir yurak, bir tan boʻlib yashab kelgan. Bu iliq munosabatlar, samimiy bordi-keldilar yanada mustahkamlashayotgani, kelajak avlodlarga ham ibrat boʻlib qolishiga ishonaman. Doʻstlik koʻpriklari yanada kengaysin, qalblar yaqinligi abadiy boʻlsin, deya dildagi eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ikki qardosh muhtaram davlat rahbarlariga chuqur hurmatimni bildiraman. Xalqlarimiz farovonligi yoʻlidagi ezgu ishlarida ulkan zafarlar tilayman. Mukofot meni yanada koʻproq xizmat qilishga, sanʼat orqali doʻstlikni targʻib etishga chorlovchi yuksak ishonch va masʼuliyat timsoli boʻlib qoladi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV

(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер