Qalami bilan eʼzoz topgan ijodkor

11:40 11 Iyul 2024 Jamiyat
275 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyat Matbuot uyida 60 yoshli Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi aʼzosi, shoir va publitsist, tarjimon Toshpoʻlat Tugalov hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda shoir, yozuvchilar, jurnalistlar, ijodkorning yaqinlari qatnashib, Toshpoʻlat Oʻrxun taxallusi bilan ijod qilayotgan shoirning serqirra ijodi haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.

Toshpoʻlat Oʻrxun uzoq yillar viloyat teleradiokompaniyasida muharrir, katta muharrir, bosh muharrir vazifalarida ishlagan. Xalq muammolari bilan bogʻliq yuzlab dolzarb mavzularda koʻrsatuvlar tayyorlagan. Ayni paytda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari vazifasida faoliyat koʻrsatib, samarqandlik yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Uning “Mujda”, “Kechikkan javzo”, “Surur” va “Umr karvoni” nomli sheʼriy kitoblari, “Bir kuni muxbirlar…” hangomalar toʻplami, “Qalamni qadrlab…” essesi, “Tanish chehralar” ocherk va intervyulari, “Umr ziynati”, “Qahramonlar mangu yashaydi” nomli badiiy publitsistik hamda “Tong yulduzi bolalari” nomli tarjima kitoblari chop etilgan.

— Toshpoʻlat aka bilan televideniyeda birga ijod qildik, — deydi viloyat teleradiokompaniyasi direktori oʻrinbosari Dilmurod Ismatov. — Jurnalist sifatida oʻsha davrlarda koʻplab yangi janrdagi eshittirish va koʻrsatuvlarga mualliflik qildi. Koʻplab shogirdlari ustozining izidan bormoqda.

Ijodiy uchrashuvda Toshpoʻlat Oʻrxunga matbuot va adabiyotga qoʻshgan hissasi uchun tashakkurnoma va sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, televideniye, “Nuroniy” jamgʻarmasi shahar boʻlimi, tahririyatlar sovgʻalari taqdim etildi.

Tadbir davomida shoir ijodidan namunalar oʻqildi. Ijodkorning sheʼrlaridagi Vatan sarhadlari, uning goʻzalligi va fasllarning ifori qalban his etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер