Putin Trampga 12 trillion dollarlik kelishuv taklif qilgan — Ukraina razvedkasi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning maʼlum qilishicha, mamlakat razvedkasi Kreml AQSH prezidenti Donald Trampni 12 trillion dollarlik yirik iqtisodiy kelishuv orqali oʻz tomoniga ogʻdirishga uringanini aniqlagan. Bu haqida BILD nashri xabar berdi.
Zelenskiyning fikricha, mazkur tashabbus Putinning iqtisodiy hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev nomi bilan bogʻliq boʻlib, shartli ravishda “Dmitriyev paketi” deb atalgan. Maʼlumotlarga koʻra, bu taklif Dmitriyevning Vashingtonga amalga oshirgan tashrifi chogʻida ilgari surilgan.
“Koʻrinib turibdiki, gap AQSH va Rossiya oʻrtasidagi keng koʻlamli iqtisodiy hamkorlik paketi haqida ketmoqda. Biz ikki davlat oʻrtasida shunga oʻxshash ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi mumkinligi haqida eshityapmiz”, — deydi Ukraina rahbari.
Zelenskiy boshqa tafsilotlarga toʻxtalmagan, biroq Vashington va Moskva oʻrtasida tuzilishi mumkin boʻlgan kelishuvlar Ukraina suvereniteti va xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini qoʻshimcha qilgan.
“Aniq aytamiz. Agar bunday kelishuvlar Ukraina ishtirokisiz amalga oshirilsa, Kiyev ularni hech qachon qoʻllab-quvvatlamaydi. Biz Moskvaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish kerak deb hisoblaymiz”, — degan Zelenskiy.
Iqtisodiy tahlilchilarning taʼkidlashicha, 12 trillion dollar mablagʻ Rossiyaning yillik yalpi ichki mahsulotidan qariyb toʻrt barobarga koʻpdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring